Yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi qaror qabul qilindi
2026-09-03 16:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-avgustdagi 438-son “Yengil sanoat korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va o‘rnatish uchun tijorat banklari orqali kredit ajratishga resurslarni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror Prezidentimizning 2026-yil 12-yanvardagi PF–4-son Farmoni ijrosi doirasida yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, energiya sarfini kamaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini yuksaltirish maqsadida qabul qilindi.
Qaror bilan bir qatorda Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan korxonalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha mexanizmlari ham belgilandi.
Quyida mazkur qaror asosida yengil sanoat korxonalariga taqdim etiladigan moliyaviy ko‘mak turlari, ularning miqdori, shartlari hamda talab qilinadigan hujjatlar haqida batafsil ma’lumot beramiz.
Xususan, poyabzal va charm-attorlik sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi subsidiya va kompensatsiyalar joriy etildi:
1. Tayyor charm ishlab chiqaruvchilarga subsidiya
Miqdori: Ishlab chiqarilib, realizatsiya qilingan tayyor charmning (krast, finish) har bir detsimetr kvadrati uchun 350 so‘m subsidiya ajratiladi.
2. Yangi modellarni joriy etganlik uchun subsidiya
Miqdori: ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 million so‘m, biroq bir korxona uchun bir kalendar yilda 50 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
3. Poyabzal qoliplarini import qilish xarajatlarini qoplash
Miqdori: o‘z ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari (kolodka, press-forma) qiymatining 50 foizi qoplab beriladi.
Bunda bir kalendar yilida:
— Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilinganda — 10 000 AQSH dollarigacha;
— boshqa davlatlardan import qilinganda — 5 000 AQSH dollarigacha.
4. Savdo uylari va firma do‘konlari ijara xarajatlarini qoplash
Miqdori: Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy markazi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri hamda aholisi 100 ming kishidan oshadigan yirik shaharlarda tashkil etilgan savdo uylari va firma do‘konlarining dastlabki 1 yillik ijara xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 million so‘mdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Mazkur moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yengil sanoat korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish, yangi modellarni joriy etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, savdo tarmoqlarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
