"Lihua" kompaniyasi rahbari Vang Xongtu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
2026-08-19 18:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nozimjon Xolmurodov Xitoyning "Lihua" kompaniyasi rahbari Vang Xongtu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yengil sanoat tarmog‘ida mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida bank balansiga o‘tkazilgan to‘qimachilik korxonalarini qayta ishga tushirish va ularning ishlab chiqarish salohiyatini tiklash maqsadida xitoylik investorlarni jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida joylashgan "Kasbi Yarntex" hamda Kitob tumanida joylashgan "Kitob Ip Yigiruv" korxonalari "Lihua" kompaniyasi vakillariga investitsiya kiritish uchun istiqbolli obyektlar sifatida taqdim etildi. Korxonalarning mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilmasi, texnologik imkoniyatlari hamda ularni investitsiya jalb qilgan holda sog‘lomlashtirish va qayta ishga tushirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, respublika hududlarida sotuvga qo‘yilgan boshqa to‘qimachilik korxonalarini xorijiy investorlar tomonidan sotib olish, ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvda "Lihua" kompaniyasining O‘zbekistonda to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida amalga oshirayotgan hamda istiqbolda rejalashtirayotgan investitsiya loyihalari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, mavjud imtiyoz va imkoniyatlar, sanoat infratuzilmasi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar "Kasbi Yarntex" va "Kitob Ip Yigiruv" korxonalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini batafsil o‘rganish, ularni sog‘lomlashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan amaliy muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.





