Polshaning yirik fashion-riteyleri LPP S.A. delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi
2026-08-03 16:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko‘magida Polshaning yirik fashion-riteylerlaridan biri – LPP S.A. kompaniyasining 4 nafar vakilidan iborat delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi boshlandi.
Tashrifning asosiy maqsadi mamlakatimizning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatidagi ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya dastlab “Zelal Teks” korxonasida bo‘lib, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik imkoniyatlar, sifat nazorati tizimi hamda eksport faoliyati bilan tanishdi.
Korxona rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda LPP S.A. bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, xalqaro standartlar va sertifikatlashtirish talablari, mahsulot sifati hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni global ta’minot zanjiriga integratsiya qilish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiyaning “Buxoro Azteks” (Amirtex), “Best Group” hamda boshqa eksportbop to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga tashriflari ham rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuvlar davomida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot sifati va eksport salohiyati namoyish etilib, istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilinadi.




