audio

    0+
    Transport tizimidagi muhim loyihalar va “Yangi Toshkent” — TXIF-2024 da investitsion loyihalar muhokama qilindi

    Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Infrastrukturadagi investitsion loyihalar” mavzusidagi panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

    Sessiya O‘zbekistonning avtomobil, temir yo‘l va aeroport infrastrukturasini yaxshilashdagi muhim yutuqlariga bag‘ishlandi. Bu savdo, mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirish va ish o‘rinlarini yaratishga turtki beradi. Ishtirokchilar avtomobil va temir yo‘llar qurilishi hamda Urganch aeroportini konsessiya qilish sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida oltita investitsion loyihani ko‘rib chiqdi, umumiy taxminiy investitsiyalar hajmi 18 milliard AQSh dollariga teng bo‘ldi.

    Shuningdek, panel muhokamasida 2024 yilda O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlangan “Yangi Toshkent” loyihasi taqdim etildi, bu loyiha taxminan 1 million aholi uchun zamonaviy shahar makonini yaratish maqsadida 6000 ga maydonni o‘zgartirishga qaratilgan. Ambitsiyali loyihaning birinchi bosqichi ko‘p qavatli uylar, maktablar, bolalar bog‘chalari, kasalxona va poliklinika qurilishini o‘z ichiga oladi.

    Ishtirokchilar infrastruktura loyihalarining investitsion jozibadorligi asosiy omillarini, ularning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri hamda bog‘liq muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.

    Sessiyaning moderatorligini Ankit Chaturvedi, Synergy Consulting Infrastructure and Financial Advisory Inc vakili o‘tkazdi.

    Ma’ruzachilar:

    Jasurbek Choriev, transport vaziri o‘rinbosari

    Bahrom Rizaev, “Yangi Toshkent” Direksiyasi o‘rinbosari

    Amir Dalerov, Zarmed Pratiksha ijrochi direktori

    Jasurbek Choriev nima uchun transport tizimiga sarmoya kiritish muhim ekanligini aytib o‘tdi.

    “Birinchisi — iqtisodiy o‘sish. Transport infratuzilmasi biznesni bozor bilan bog‘lash, odamlar va mahsulotlarni tashish orqali iqtisodiyotda asosiy rollardan birini o‘ynaydi. Infratuzilmani yaxshilash savdo, investitsiyalar oshishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va albatta iqtisodiy o‘sishga yordam beradi. Ikkinchisi ishlab chiqarishdagi samaradorlik. Transport tizimi narxlarni pasaytirib, yo‘llarni yaqinroq qiladi. Bu ayniqsa ikki tomonlama dengizga chiqishi chegaralangan O‘zbekiston uchun juda muhim hisoblanadi. Uchinchisi — foydalanish imkoniyati. Transport tizimiga investitsiya kiritish shahar va qishloqlar aholisi uchun muhim xizmatlarga ega bo‘lishiga yordam beradi, ish kuchi yaratiladi”, — deydi u. 

    Transport vaziri o‘rinbosari “Toshkent—Andijon” pulli yo‘lini yaratish ishlari yakuniga yetib qolganini ma’lum qildi.

    “Iyun oyi oxirigacha biz texnik-iqtisodiy ishlarni tugatamiz. Yangi pulli yo‘l Toshkent va boshqa hududlarni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km bo‘lib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi”, — deydi Jasurbek Choriev.

    Bundan tashqari, uzoq yillardan beri asosiy maqsadlardan biriga aylangan transafg‘on temiryo‘li haqida ham ma’lumot berildi.

    “Loyiha uchta davlatni bir-biriga bog‘lashga yordam beradi — O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston. Temiryo‘l Yevrosiyo transport yo‘lagini yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Temiryo‘l tovarlar yetkazib berish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi. Tovarlarni yetkazib berish narxi esa kamida 40 foizga pasayadi. Loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.

    Yana bir muhim loyiha bu albatta Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishidir. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo rivojlanishida katta rol o‘ynovchi temiryo‘l bo‘ladi. Loyihaning asosiy kelishuvlari allaqachon hal qilingan bo‘lib, uning qiymati taxminan 5,1 milliard dollarni tashkil qilsa, uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi kutilmoqda”, — deydi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari.

    Bundan tashqari, Jasurbek Choriyev Samarqand aeroportidagi muvaffaqiyatli loyihadan keyin, Urganch aeroportini ham Davlat-xususiy sherikchilik loyihasiga aylantirish kutilayotganini aytib o‘tdi.

    Sessiya davomida Bahrom Rizayev tomonidan “Yangi Toshkent” loyihasi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar e’lon qilindi. 1 million nafardan oshiq aholi uchun mo‘ljallangan shaharda 2024–2025-yillarda bir qancha vazirliklar, universitetlar, madaniyat joylari va ijtimoiy obyektlar qurish ishlari boshlanadi.

    • view_icon 612
    : 2024-05-03 09:38:03