Urumchida “Xitoy va Markaziy Osiyo: sanoat, universitetlar, tadqiqotlar va fan-texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishda hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi
2025-05-13 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Sinszyan-Uygʻur avtonom rayoni partiya qoʻmitasi kotibi Ma Sinjuy va Xitoy taʼlim vaziri Xuay Szinpen ochib berdilar. Shuningdek, konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ham soʻzga chiqdi.
Ma Sinjuy oʻz nutqida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi sammitida Xitoy raisi Si Szinpin ilgari surgan umumiy taqdirga ega hamkorlik hamjamiyatini shakllantirish tashabbusini amalga oshirishga xizmat qilayotgan mazkur konferensiya, ilm-fan, sanoat va kadrlar salohiyatini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Xuay Szinpen soʻnggi yillarda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida taʼlim sohasidagi aloqalar izchil mustahkamlanayotganini, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va energetika sohalarida amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. U taʼlim, ilmiy tadqiqot va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni taʼminlash, istiqbolli kadrlar tayyorlash va innovatsion hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov oʻz nutqida mamlakatimizda taʼlim, fan va ishlab chiqarish sohalarining integratsiyasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu jarayonda Xitoy bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ustuvorliklardan biri ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, Q. Sharipov Oʻzbekiston va Xitoy universitetlari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan qoʻshma dasturlar va tadqiqotlar ikki tomonlama rivojlanishga xizmat qilishini bildirdi.
Tadbir doirasida bir qator hamkorlik shartnomalari imzolandi hamda Sinszyan ilmiy-tadqiqotlar institutining qurilishiga start berildi.









