“QORA QUYOSH” SPEKTAKLI VAZIRLIK HAMDA OTM RAHBARLARI TOMONIDAN E’TIROF ETILDI
2023-12-09 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi markaziy apparati xodimlari, Toshkent shahrida joylashgan oliy, professional hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasalari rahbarlari O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bo‘lib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf dostoni asosida sahnalashtirilgan “Qora quyosh” spektaklini tomosha qilishdi.
Mazkur spektakldagi voqealar oʻtgan asrning buyuk adiblari Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi xalqimizning vatanparvar farzandlarining Vatan ozodligi yoʻlidagi mashaqqatli taqdirlaridan hikoya qilinadi.
Spektakl tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Shu o‘rinda, vazirlik mutasaddilari tomonidan sahna asari uchun minnatdorchilik bildirilib, bosh rol ijrochisi Ulug‘bek Musinovga esdalik sovg‘asi tuhfa etildi.
Malumot o‘rnida, “Qora quyosh” spektakli O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo va Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Shavkat Do‘stmuhammad inssenirovkasi asosida O‘zbek davlat musiqali drama teatri bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirildi.