Vengriyada tahsil olish uchun grant dasturiga hujjatlar qabul qilinmoqda
2024-12-25 09:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Ushbu stipendiya dasturi doirasida Vengriya tomoni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab venger oliygohlarida o‘qish uchun jami 170 ta o‘ringacha ta’lim grantlarini taqdim etadi.
Grantlar quyidagi ta’lim bosqichlarida o‘qish uchun ajratilmoqda:
- Bakalavriat;
- Bakalavriat bilan birlashtirilgan magistratura darajasi. Bunda hujjatlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha topshiriladi, unga magistratura (One time master – OTM) ham kiradi, o‘qish muddati ta’lim yo‘nalishiga qarab 5 yoki 6 yil;
- Magistratura;
- Doktorantura (PhD);
- Qisqa muddatli kurslar.
Ta’lim bosqichlari kesimida kvotalar (grant o‘rinlari soni) respublikamiz iqtisodiyotida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, shuningdek, abituriyentlarning arizalari soni va sifatini inobatga olgan holda belgilanadi.
O‘zbekiston tomonidan muvofiqlashtiruvchi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi.
Qo‘shimcha tarzda, quyidagilarni ma’lum qilamiz:
“Arizalar qabuli to‘g‘risida e’lon” (“Call for Applications”)ning 3.4.2-bandi yuzasidan ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga hujjatlarni onlayn yoki qog‘oz shaklida topshirish talab etilmaydi.
Barcha hujjatlarni onlayn formatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tempus Public Foundation” (Vengriya tomonidan ushbu stipendiya dasturining muvofiqlashtiruvchisi) ko‘rsatgan platformaga (https://apply.stipendiumhungaricum.hu/) yuborish kifoya.
Dastlabki bosqichda hujjatlar Vengriya tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilib, tanlov talablariga javob bermaydigan barcha hujjatlar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi.
“Short list” (saralanganlar ro‘yxati)ni Vengriya tomoni tegishli venger oliy ta’lim muassasalari bilan maslahatlashganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga baholash uchun yuboradi va Vazirlik nomzodlarni 1 dan 170-raqamgacha (asosiy ro‘yxat) va undan keyin 170 dan 340-raqamgacha (zaxira) ketma-ketlikda baholab beradi. Hujjat topshirganlarning jami sonidan kelib chiqib, nomzodni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror Vengriya tomonidan qabul qilinadi. Bunda nomzod imtihon topshirgan Vengriya universitetining qarori inobatga olinadi.
Lozim bo‘lganda, O‘zbekiston tomonidan Vazirlik, o‘qishga qabul qilayotgan Vengriya universiteti yoki koordinatorlar nomzodni onlayn intervyuga taklif qilishlari mumkin.
Nomzodlarning ro‘yxatdagi joylashuvi qat’iy ravishda ajratilgan kvotalar doirasida belgilanadi.
Ro‘yxatda ketma-ketlik bo‘yicha joylashtirish (baholash) tartibi O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Muhandislik-texnika, shuningdek, tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, kimyo, geologiya, fizika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, muqobil energiya manbalari va boshqa shu kabi yo‘nalishlarga hujjat topshirganlarga ustuvorlik beriladi.
Oliy ta’lim muassasasida ish tajribasi, chet tillarini bilish ahamiyatga ega bo‘ladi. Imtiyoz o‘qishni 2024-yilda tugatmoqchi bo‘lganlarga emas, balki 2024-yilning 15-yanvariga qadar u yoki bu bosqichni tamomlaganlarga beriladi.
O‘z kasbiy faoliyatini respublikada, ayniqsa, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida, respublika ilmiy markazlarida va shu kabi muassasalarda davom ettirmoqchi bo‘lgan nomzodlar qo‘llab-quvvatlanadi.
“Arizalar qabuli to‘g‘risida e’lon” (“Call for Applications” – hujjatlarni topshirish tartibi) bilan tanishib chiqishingizni so‘raymiz. Stipendium Hungaricum – https://apply.stipendiumhungaricum.hu/ veb-saytida keltirilgan.
Batafsil ma’lumot – stipendiumhungaricum.hu