Buxoro neft va gaz sanoati kolleji 50 yoshda
2024-11-23 15:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Ma’lumki, Buxoro neft va gaz sanoati kolleji 1974-yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ushbu ta’lim tashkilotida 25 ming nafardan ortiq talaba tahsil olgan.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, Buxoro viloyati hokimligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Buxoro viloyati boshqarmasi, oliy ta’lim tashkilotlari, respublika va xorijiy neft-gaz va geologiya kompaniyalari rahbarlari va mutaxassislari, kollej jamoasi va talabalari hamda soha faxriylari ishtirok etishdi.
Shu bilan birgalikda, Yaponiyaning Meisei University professori Dr. Hiromasa Tanaka, Nagoya universiteti professori, kollej bitiruvchisi A.A.Ismatov, “Lukoyl” AJ (Rossiya) personal departamenti rahbari Yu.V.Pixtovnikov, Yunesko xalqaro hamjamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim sohasi bo‘yicha rahbari Sarah Al-Attar, “INKOMneft” AJ, D.I.Mendeleyev nomidagi Novosibirsk kimyo-texnologiya kolleji, Zlotoustov iqtisod va texnologiyalar texnikumi rahbarlari tadbirni onlayn ravishda kuzatib borishdi va tadbir davomida Kollej jamoasiga onlayn tabrik yo‘lladi.
Shuningdek, tadbir davomida kollejda uzoq yillar samarali mehnat qilayotgan xodimlarga “O‘zbekneftgaz” AJ va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining faxriy yorliq va tashakkurnomalari taqdim etildi.
Shuningdek, Kollej yubileyiga bag‘ishlab o‘quvchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual uyini, futbol va shaxmat musobaqasi o‘tkazilgan bo‘lib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun:
Kollej O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-309-son qaroriga muvofiq, Ta’lim klasteri tarkibiga kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda kollejda 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 1058 nafar talaba tahsil olmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kollej bugungi kunda Rossiya, Belarus hamda Yaponiya kabi davlatlarning 10 ga yaqin nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.








