“Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasi kuzgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi
2024-11-22 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur qo‘shma qarorga asosan 2024–2025-o‘quv yilidan boshlab har yili uzluksiz ravishda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish musobaqalari tashkil etish belgilandi.
Yugurish musobaqasi bir yilda ikki marta – “Kuzgi” (oktyabr-noyabr oylarida) hamda “Bahorgi” (mart-may oylarida) mavsum doirasida o‘tkazilishi, musobaqani tashkil etish va yugurish natijalarini qayd etish jarayoni O‘zbekiston yengil atletika Federatsiyasining “Yugur” (yugur.uz) elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
“Kuzgi” (oktyabr-noyabr oylarida) mavsum doirasida bugungi kunga qadar 14 ta hududda “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish musobaqalari o‘tkazilib, mazkur 14 ta hududda 16 216 nafar talaba musobaqa bilan qamrab olindi.
Shuningdek, 14 ta hududdagi oliy ta’lim muassasalarining 2 793 nafar professor-o‘qituvchi va xodimlarini ham musobaqada ishtirok etdi.
“Kuzgi” mavsum doirasida so‘ngi 2 ta hudud: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida musobaqalar 22–23-noyabr kunlari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazildi.
Ikki kun davomida Toshkent viloyatining 15 ta oliy ta’lim muassasasidan 2 650 nafar, Toshkent shahrining 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasidan 4 284 nafar talaba-yoshlar “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun:
Nizomga muvofiq, har bir mavsum natijasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining talabalari orasidan bosqich (kurs)lar kesimida 1–3-o‘rinlarni egallagan (o‘g‘il va qiz bola bo‘yicha alohida-alohida) talabalarga oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) stipendiyasi bilan taqdirlanadi.
Bunda, 1-o‘rin uchun — 6 (olti) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida (bitiruvchi bosqich talabalariga bahorgi mavsumda 4 oy davomida), 2-o‘rin uchun — 4 (to‘rt) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida, 3-o‘rin uchun — 2 (ikki) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida qo‘shimcha stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
Musobaqada ishtirok etgan oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchi va xodimlar bo‘yicha “Yugur” platformasida qayd etilgan natijalarga asosan har bir oliy ta’lim muassasasi kesimida 1–3-o‘rinlarni egallagan (erkak va ayollar bo‘yicha alohida-alohida) xodimlarga lavozim maoshiga 10 foiz miqdorda 3 oylik qo‘shimcha ustamalar belgilash va to‘lash tavsiya etiladi.







