14 ta texnikumda Germaniya modeli asosida qoʻshma taʼlim va amaliy dasturlar joriy etiladi
2024-11-14 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2024-yil 14-noyabr kuni “Globogate Concept AG” kompaniyasi delegatsiyasi bilan Oʻzbekistonda “Nemis tibbiyot akademiyasi”ni tashkil etish loyihasi doirasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov hamda Germaniyaning Axen koʻp tarmoqli universiteti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish jarayonlarini shuningdek tibbiyot taʼlimining xalqaro standartlarga mos holda rivojlantirish masalalarini muhokama qilindi. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “Globogate Concept AG” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumining ijrosi yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar natijasida loyiha doirasida Oʻzbekistonning yetakchi 14 ta tibbiyot texnikumini tanlab olishni taklif qilindi. Ushbu texnikumlar bilan hamkorlikda Germaniya modeli asosidagi qoʻshma taʼlim va amaliy dasturlarni joriy etilishi koʻzlanmoqda.
Shuningdek, nemis tomoni Germaniya standartlari asosida oʻz oʻquv dasturini ishlab chiqib, uni Oʻzbekistonning Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etishini maʼlum qildi. Ushbu dastur Oʻzbekistonda tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashning sifatini oshirishga qaratilgan boʻlib, Oʻzbekistonda tibbiyot sohasidagi kadrlar tayyorlashning yangi bosqichini taʼminlaydi.