Malayziya bilan ilm-fan sohasidagi hamkorlik yanada kengayadi
2023-09-13 20:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot davomida departament rahbari Abduvali Xoliqov delegatsiya aʼzolarini respublikada soʻnggi yillarda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan qisqacha tanishtirdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorligimiz haqida soʻz yuritilib, shu paytgacha u juda muvaffaqiyatli boʻlib kelgani va bundan keyin ham ushbu hamkorlik har tomonlama kengayib borishiga ishonch bildirildi.
Malayziya global taʼlim xizmatlari agentligi bosh ijrochi direktori Novi Tadjuddin ikki davlat oliy taʼlim muassasalari talabalari, professor-oʻqituvchilari almashinuvini, talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish, talabalar amaliyotini Malayziya oliy taʼlim muassasalarida takshil etish, qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilish sohalari hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻlishi mumkinligini bildirdi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining magistratura va doktorantura bosqichi talabalarini ushbu davlatga tahsil olish uchun yuborish, qoʻshma tadqiqotlar olib borish takliflari ham bildirildi.
Chet el fuqarolari uchun Malayziyada yangi yoʻlga qoʻyilgan APEL (Accreditation of Prior Experiential Learning) dasturi doirasida tahsil olsh imkoniyati mavjud ekanligi ham taʼkidlab oʻtildi.
Maʼlumot uchun, APEL - oldingi tajribaviy taʼlimni akkreditatsiya qilishdir. Bu Malayziya Malaka agentligi tomonidan ishlaydigan katta yoshlilar uchun oliy maʼlumotni targʻib qilish va xayot davomida taʼlimni ragʻbatlantirish orqali mamlakatning inson kapitalini rivojlantirish tashabbusidir.
Yakunda mazkur uchrashuv kelgusida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni muntazam rivojlanishida yana bir muhim turtki boʻlib xizmat qilishi aytildi.


