Xitoyning Sian transport universiteti delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo’lib o’tdi
2024-09-18 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Uchrashuv avvalida tomonlar Samarqand davlat universitetida boʻlib oʻtgan “Yashil energiyaning barqaror rivojlanishini jadallashtirish, oliy ta’limning globallashuviga ko‘maklashish” mavzusidagi xalqaro akademiklar forumi hamda xalqaro ICT-Week tadbirlarida xitoylik vakillarning ishtiroki va ularning taassurotlari yuzasidan fikr almashdi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi universitetlararo hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Oliygohlarimiz o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar va qo‘shma dasturlar muvaffaqiyatli tashabbuslar namunasidir - dedi vazir Q.Sharipov.
Xitoy bilan ilg‘or muhandislik maktablari yo‘nalishida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetlarining faoliyati alohida qayd etilib, universitetlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada mustahkamlash masalasi muhokama qilindi. Bunda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Sian universiteti prezidenti o‘z navbatida Xitoyning kambag‘alikka qarshi kurashish sohasida o‘zaro innovatsiyalarni qo‘llashga tayyorligini bildirib, Samarqand davlat universiteti bilan ushbu yo‘nalishda loyihani amalga oshirish taklifini bildirdi. Bunda Samarqand viloyatida bir nechta hududlar tanlab olinib, akademiklar bilan hamkorlikda “Oliygoh-korxona-davlat organi-banklar” zanjiri yordamida kambag‘alikka qarshi kurashishning yangi yondashuvlarini joriy qilishadi.
Tomonlar hamkorlikning bundan keyin ham rivojlanib, o‘zaro manfaat keltirishi va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdilar.