Qatarning Hamad bin Halifa universiteti bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi
2024-08-22 10:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Vazir mamlakatimizda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallariga alohida urg‘u berib, ikki mamlakat talabalarining almashinuvi muhimligini aytib o‘tdi. Qatarning turizm sohasidagi tajribasi e’tirof etilgan holda aynan turizm sohasida tahsil olayotgan talabalarimizning Qatarning yirik mehmonxonalarida dual ta’lim dasturlari doirasida malaka oshirish masalasini o‘rganishga kelishildi.
Ahmad Hasnah o‘z navbatida Hamad bin Halifa universitetining Qatarda ta’lim markazi deb e’tirof etilganini ta’kidlab, bu yerda o‘zbek tadqiqotchi va yosh olimlari malaka oshirishlari mumkinligini alohida ta’kidladi.
– Biz uchun innovatsiyalarni rivojlantirish asosiy vazifalardan biri bo‘lib, ushbu sohada hamkorlik qilishga tayyormiz, – dedi A.Hasnah.
Vazir o‘z o‘rnida ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy loyihalar tanlovlarini e’lon qilib, uni teng moliyalashtirish taklifini bildirdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra tomonlar hamkorlik yuzasidan qo‘shma komissiya tashkil etib, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishga kelishdilar.