“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi respublika bosqichining barcha ishtirokchisi Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz, tanlov g‘oliblari esa 2-kursdan o‘qishga qabul qilinad
2024-05-21 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Tadbirda “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev ishtirok etdi.
“Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi Oqil Salimov kirish so‘zi bilan ochib, respublika bosqichga yetib kelgan yoshlarni tabrikladi va yakuniy bosqichda ham bor iqtidor hamda salohiyatlarini ko‘rsatishga tilak bildirdi.
– O‘tgan yilgi tanlovda 20 ming nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu yil qariyb 48 ming yosh yigit-qizlar tanlovda ishtirok etdi. Bu innovatsion, intellektual tanlov yoshlar o‘rtasida yildan-yilga ommalashib, mavqei yanada ortib borayotganidan darak, – dedi vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
So‘ng Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev so‘zga chiqib, tanlovning respublika bosqichiga yetib kelgan 280 nafar iqtidorli yoshlar Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga imtihonsiz, tanlov g‘oliblari esa 2-kursdan o‘qishga qabul qilinishini tantanali e’lon qildi.
Tanlov 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlar, uyushmagan yoshlar, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari orasidan iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni o‘zlari qiziqqan sohalarga yo‘naltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini rag‘batlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlovda ishtirok etish maqsadida 47 514 nafar (23 363 nafar o‘g‘il, 24 151 nafar qizlar) yoshlar ro‘yxatdan o‘tib, ularning 9837 nafari IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tanlovning 1-bosqichi respublikamizdagi 206 ta tumanlar (shahar) kesimida tashkil qilinib, unda jami 9 796 nafar, 2-bosqichi 14 ta hududda tashkil qilinib, unda jami 1003 nafar iqtidorli yoshlar o‘z loyihalarini komissiya a’zolariga taqdimot qildilar.
Tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirokchilar 16-19 yosh va 20-25 yosh toifalariga ajralgan holda o‘tkazildi hamda har bir yosh toifasi uchun g‘oliblarning umumiy sonidan kvota ajratildi. Kvotalar har bir yosh toifasidagi ishtirokchilarning umumiy nisbatidan kelib chiqib belgilandi.
Tanlovning ikkinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra 280 nafar (87 nafar 16-19 yosh toifasida, 193 nafari 20-25 yosh toifasida, 261 nafar talaba, 19 nafar maktab o‘quvchisi, 2 nafari ish bilan band yoshlar) iqtidorli yoshlar respublika bosqichi ishtirokchisiga aylandi.
Tanlovning respublika bosqichi 4 kun davom etadi. Unda ishtirokchilar 12 ta guruhga bo‘lingan holda musobaqa shartlarini bajaradilar.
1, 2 va 3-bosqichlar g‘oliblari tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichi g‘oliblari “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul tahsil oladi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlariga ixtiyoriylik asosida biriktiriladi hamda «Yoshlar akademiyasi» loyihalariga jalb etiladi.