Rossiya ilm-fan va oliy ta’lim vaziri boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizdagi Rossiya universitetlari filiallari bilan tanishdi
2024-05-01 18:35:00 / Vazirlik yangiliklari
So‘ng vazirning birinchi o‘rinbosari Sh.Daliyev hamrohligida mehmonlar “MIFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali o‘quv binosining moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasi va talabalar turar joyini borib ko‘rdilar.
Delegatsiya a’zolari filialning o‘quv xonalari, laboratoriyalari va axborot-resurs markazi bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga talabalarning innovatsion faolligini ko‘rsatib beradigan ilmiy loyihalar va ixtirolar alohida qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, respublikada kimyo sanoati va taʼlim sohasini rivojlantirishda muhim qadam boʻlgan Innovatsion kimyo ilmiy-ishlab chiqarish va oʻquv klasterini yaratish loyihasi bilan tanishtirildi. Hozirda filialda O‘zbekiston maktablari uchun Quyosh harakatini kuzatishning onlayn tizimini ishlab chiqish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, delegatsiyaning keyingi manzili D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali bo‘ldi. Bu yerda o‘quv xonalar, laboratoriyalar, sport zal va maydonchasida talabalar uchun yaratilgan sharoit, imkoniyatlar, shuningdek, iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan ishlanmalar ko‘rsatildi. Filialda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgani hamda o‘quv jarayoni yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlandi.
Yakunda mehmonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida filial hududida daraxt ko‘chatini o‘tqazib, atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.