Yoshlar “Kelajak kasblari” orqali daromadga chiqyapti
2024-05-27 19:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar “Kelajak kasblari” orqali daromadga chiqyapti
Kishining qornini bir marta to‘ydirish uchun unga baliq ber, agar uni bir umr to‘ydirmoqchi bo‘lsang, unga baliq tutushni o‘rgat! Bugun yoshlarga beriladigan “qarmoq” shubhasiz, ularning biror kasbni egallashiga yordam berishdir. Bu kasblar zamonaviy, yaxshi daromad olib keladigan bo‘lsa, ayni muddao.
Yoshlar ishlari agentligining “Kelajak kasblari” loyihasi yoshlarga “baliq tutishni” o‘rgatadigan samarali loyihaga aylanmoqda. Loyihaga minglab yoshlar jalb qilinib, zamonaviy kasblardan birini egallashiga ko‘maklashilmoqda.
Qanday qilib deysizmi? “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qish xarajatlari subsidiya orqali qoplanadi. Bundan tashqari, ularning dars jarayonlari vaqti-vaqti bilan nazorat qilib boriladi. Bugun sizni shu imkoniyatdan to‘la foydalangan va yaxshigina daromadli kasb egasi bo‘lgan yoshlar bilan tanishtiramiz.
“IT school” o‘qituvchisi
Diyorbek Tulashboev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) 1-bosqich talabasi. Maktabda o‘qib yurgan paytlarida IT sohasiga qiziqishi uyg‘ongan. “Kelajak kasblari” loyihasi esa u uchun ayni muddao edi. Ma’lum sabablarga ko‘ra yoshlar daftariga kiritilgan Diyorbekning kontrakti 25 foizi loyiha doirasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘lab berilgan.
– TATUda kompyuter injineringi yo‘nalishida masofaviy ta’lim olaman. Sohaga qiziqishim yuqoriligi sabab Pop tumanida joylashgan “IT school” o‘quv markazida web dasturlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Bugungi kunda yoshlarda bu sohaga qiziqish ancha kuchaygan. Ellikdan ortiq o‘quvchilarga shu soha sirlarini o‘rgatib kelyapman, – deydi qahramonimiz.
Diyorbekning o‘quvchilari orasida ham hali o‘qishni tamomlamay turib, daromad qilayotganlar bor. 19 yoshli yigit uchun o‘qituvchi bo‘lib, o‘quvchilarining yutuqlaridan motivatsiya olish juda katta muvaffaqiyat desak adashmaymiz. Endi u kontraktining qolgan qismini o‘zi mustaqil to‘lay oladi.
“O‘zimni shu sohada topdim”
Lola Erjigitova 9-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay axborot texnologiyalari sohasiga juda katta qiziqish bildirgan. Otasi uni “Empire IT academy” o‘quv markaziga olib borgan. Lolaning aytishicha, u yerda kompyuter savodxonligini ilk bosqichdan o‘rgangan. Keyinchalik zamonaviy kasblardan birini o‘rganish ishtiyoqi uyg‘ongan.
– Qiziqish bildirganimdan so‘ng ustozim “Kelajak kasblari” loyihasi tashkil qilingani va Auto Cad Tredemax 3Ds Max kursi ochilgani, menga shu soha mos kelishini aytdi. Shu sohada o‘qishga qaror qildim. Boshida biroz qiynaldim. O‘rganishni boshlaganimdan so‘ng ishlagan sari ishlagim kelaverdi. Bu kasbda davomiy ishlashni xohlayman. Kelajakda esa tajribali arxitektor bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Lola.
Lola 6 oylik kursni yaqindagina tamomladi. Hozir “Fly arch design” studiyasiga ishga taklif qilingan. Lekin maktab o‘quvchisi bo‘lgani uchun u yerga amaliyotchi sifatida borib ish o‘rganmoqda.
Ish takliflari
Doniyorjon Davlataliev TATUning 4-bosqich talabasi. “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida “java backend” yo‘nalishida 9 oy o‘qigan. Bu yo‘nalishga qiziqishiga uning akasi sababchi bo‘lgan.
– Kursda o‘qib yurgan paytlarim “Asaxiy”ga Php developer lavozimiga ishga taklif qilishgan va o‘sha yerda ish boshlaganman. Kursni tamomlaganimdan so‘ng Ipoteka va Xalq banklaridan ish taklifi keldi va men Xalq bankini tanladim. Hozir shu yerda ishlayapman.
Ko‘rib turganingizdek, “Kelajak kasblari” loyihasi orqali yoshlar zamonaviy kasblarni o‘rganib, muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Bugungi kungacha loyiha doirasida 18 640 nafar yoshlar 35 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitildi va ularga jami 47,7 milliard so‘m miqdorida yordam ko‘rsatildi. Kurs xarajatlari Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi mablag‘lari hamda tuman (shahar) “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ajratilgan. 2 011 nafar yosh kurslarni tamomlab, allaqachon daromadga chiqqan.
Sarvinoz KOMILOVA,
“Yoshlar ovozi” muxbiri
AKU: 18 640 nafar yoshlar 35 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarga o‘qitildi va ularga jami 47,7 milliard so‘m miqdorida yordam ko‘rsatildi.
