“1000Kitob” loyihasi yuzasidan matbuot anjumani
2024-05-18 18:00:00 / Yangiliklar

1000KITOB: JARAYON VA KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Keyingi yillarda yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ularni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan yaqindan tanishtirishni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida samarali sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-noyabrdagi qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi ayniqsa ahamiyatli. Ushbu loyihadan ko’zlangan maqsad 1000 ta sara va zaruriy kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilish va ommalashtirishdir.
Loyihaning mazmun-mohiyati, kitoblarni tarjima qilish va nashrga tayyorlash jarayonlari hamda kutilayotgan natijalar yuzasidan 18-may (shanba) kuni Yoshlar ishlari agentligi yoshlar press-klubida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Loyiha tashabbuskorlari, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari mas’ul xodimlari, nashriyot-matbaa sohasi yetakchi mutaxassislari, yetuk olim va tarjimonlar, OAV vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Loyihaning dastlabki bosqichida jahonga mashhur 50 nomdagi ilmiy-ommabop kitoblar, talabalar uchun darsliklar, qo‘llanmalarni nashrga tayyorlash va chop etish mo‘ljallangan. Tarjima uchun AQSH va Buyuk Britaniyadagi 20 ga yaqin nufuzli nashriyot (xususan, Oxford University Press, Penguin Random House, Yale University Press, University of California Press, Cambridge University Press, Pluto Press, Regnery, Routledge, Wiley-Blackwell, Pearson, Verso Books) chop etgan kitoblar tanlab olindi. Shu kunga qadar 43 ta kitobning tarjima huquqi xarid qilinib, qolgan kitoblar bo‘yicha muzokara olib borilmoqda.
Sifat, muddat va shaffoflik loyihaning asos qadriyatlari hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, kitoblarni yuqori sifatda, o‘z muddatida nashrga tayyorlash uchun 6 ta nashriyot – “Akademnashr”, “Asaxiy books”, “Zabarjad-media”, “Tirilish”, “Cosmos books”, “Ijod nashr” bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Nashriyotlarning ish sifati, uslubi bir-biridan farq qilishini hisobga olib, jarayonning har bir bosqichi Loyiha ofisi nazoratida bo‘ladi. Tarjima ishi ham kamida ikki bosqich – asliyat tiliga muvofiqlikni tekshirish va tuzatish, so‘ng matnning uslubiy jihatdan to‘g‘ri, ravon o‘qilishini ta’minlash uchun badiiy tahrirlash jarayonidan o‘tadi.
Joriy yilda 50 nomdagi kitoblarning har biri kamida 1500 nusxadan chop etilib, Ekspertlar kengashi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalariga bepul yetkaziladi. Shuningdek, ushbu kitoblarning tarjima huquqi Agentlik tasarrufida qoldiriladi. Nashriyotlar ham Agentlik bilan kelishuv asosida ularni kelgusida o‘z mablag‘lari hisobidan chop etishi va sotishi mumkin.
Bundan tashqari, kitoblarning elektron nusxalari keng foydalanish uchun mualliflik huquqi egasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va Fanlar Akademiyasi tizimidagi kutubxonalarga beg‘araz taqdim etiladi.









