Pensiya jamgʻarmasiga 2024-yil yanvar-dekabr oylarida qanday turdagi murojaatlar kelib tushdi?
2025-01-17 10:35:00 / Jamg'arma yangiliklari
Hukumatimiz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga alohida eʻtibor berilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor fuqarolar bilan bevosita muloqotni tashkil etish, ularning huquq va erkinlari hamda qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli ravishda himoya qilishga qaratilmoqda.
Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqarolar tomonidan tizimga kelib tushayotgan murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilishi doimiy ravishda nazoratga olingan.
Hududlardan olingan maʻlumotlarga asosan 2024-yil davomida jami 12 633 ta yoki oʻtgan yilning mos davriga (84 202 ta) nisbatan 71 569 taga yoki 85,0 % ga kamaygan.
Kelib tushgan murojaatlarning 2 724 tasi (21,6%) Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparatiga, 2 293 tasi (18,2%) jamgʻarmaning hududiy boshqarmalariga, 7 616 tasi (60,2%) tuman (shahar) boʻlimlariga kelib tushgan.
Murojaatlar kelib tushish manbasi boʻyicha 9 393 tasi (74,3%) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari, 275 tasi (2,2%) Bosh prokuratura “Ishonch telefoni”, 82 tasi (0,6%) Pensiya jamgʻarmasi “Ishonch telefoni”, 122 tasi (1,0%) Kasaba uyushmasi “Ishonch telefoni” orqali hamda 2 761 ta (21,9%) murojaat boshqa manbalar orqali kelib tushgan.
Pensiya jamgʻarmasiga yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan murojaat turlariga koʻra 10 769 ta (85,3%) ariza, 1 799 ta (14,2%) shikoyat va 65 ta (0,5%) takliflar kelib tushgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, 11 141 ta (88,2%) murojaat boʻyicha umumiy tushuntirishlar berilgan, 895 ta (7,1%) murojaat tegishliligi boʻyicha vakolatli tashkilotlarga yuborilgan, 597 ta (4,7%) murojaat koʻrmasdan qoldirilgan.
Kelib tushgan murojaatlar mazmuni jihatdan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tavsiflanadi:
- pensiya miqdorini koʻrib chiqish va uni oshirib berish masalasida – 4 679 ta (37,0%);
- pensiya tayinlash masalasida – 3 150 ta (24,9 %);
- pensiyalarni toʻlovi masalasida – 1 661 ta (13,2%);
- pensiya tayinlashda ish stajini hisobga olish masalasida – 1 099 ta (8,7%);
- pensiya toʻlovi toʻxtatilishi va ortiqcha toʻlovlar masalasida – 480 ta (3,8%);
- fuqarolardan kelib tushgan takliflar va boshqa masalalarda – 1 564 ta (12,4%) ta.
Hududlar boʻyicha tahlil qilinganda, eng koʻp murojaatlar Toshkent shahri 1 869 ta (14,8%), Qashqadaryo viloyati 1 625 ta (12,9%) Toshkent viloyati 1 591 ta (12,6%)ni tashkil qilgan.
Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan fuqarolarga pensiyaga chiqish uchun murojaat qilish tartibi, pensiyalarni tayinlash va toʻlash muddatlari va shartlari toʻgʻrisida muntazam ravishda tushuntirishlar va maʻlumotlar berib borilmoqda.
Manba: Pensiya jamgʻarmasi matbuot xizmati
