“Yashil Kelajak” Eco-Camp
2025-09-13 18:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 10–15 sentyabr kunlari Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Xalqaro shaxmat maktabi”da yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish va ekologik madaniyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Yashil Kelajak” Eco-Camp bo‘lib o‘tmoqda.
Oromgohda 140 nafardan ortiq yosh o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Dastur davomida ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi, ichimlik suvi muammolari, ekologik loyihalarni yozish va amalga oshirish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, chiqindilarni saralash, qayta ishlash hamda plastik chiqindilarning atrof-muhitga ta’siri va ularni kamaytirish kabi dolzarb mavzularda bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashdi.
Oromgoh doirasida ishtirokchilar uchun turli tanlov va intellektual o‘yinlar ham tashkil etildi. Jumladan, “Eco Quiz” onlayn ekologik viktorinasi va “Eko Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilib, yoshlarning ekologik savodxonligi sinovdan o‘tkazildi. Bellashuvlar qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Shuningdek, “Yashil kelajak sari” shiori ostida plogging eko-aksiyasi ham tashkil etildi. Tadbirda 140 nafar ishtirokchi 5 ta jamoaga bo‘linib, dam oluvchilar tomonidan hududda qoldirib ketilgan 800 kg chiqindi yig‘ib, hudud tozaligiga munosib hissa qo‘shdi. Chiqindilar maxsus texnikalar yordamida olib chiqib ketildi va bartaraf etildi.
Oromgoh doirasida ekologiya mavzusiga oid san’at asarlari ham taqdim etildi. Yoshlar ishlari agentligi va “Global Animation Studio” tomonidan yaratilgan “Yashil makon” milliy multfilmi, shuningdek, Orol dengizi muammolariga qaratilgan “Sho‘rxok” qisqa metrajli filmi namoyish qilindi. Bundan tashqari, www.batareykalar.uz loyihasi ham keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Loyihalar va tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan faol ishtirokchilar oromgohning tantanali yopilish marosimida taqdirlanishi rejalashtirilgan.









