O‘zbekiston yoshlari Turk dunyosida!
2025-08-21 20:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari D.Kattaxanova boshchiligidagi yoshlar delegatsiyasi Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan “Olmaota – Turkiy dunyo yoshlar poytaxti – 2025” loyihasi,“Yosh liderlar va tadbirkorlar forumi” va 3-Yoshlar almashinuv dasturida ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil Buxoro shahri - birinchi Turkiy dunyo yoshlar poytaxti deb e’lon qilingan edi.
Tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi K.Omuraliyev va tashkilotga a’zo davlatlarning yoshlarga mas’ul davlat organlari rahbarlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, yosh tadbirkorlar hamda ijodkorlar qatnashdi.
Delegatsiya a’zolari Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish va yosh tadbirkorligi bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi mavzularida Turkiy dunyo yoshlari uchun taqdimot o‘tkazdilar.
Shuningdek, taqdimotlarda Davlatimiz rahbari tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari davomida yoshlar masalasida bildirgan tashabbuslari bugungi kunda o‘zining samarali natijasini ko‘rsatayotganligi alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida O‘zbekistonning “Qizlar akademiyasi” loyihasi va Qozog‘istonning “Techno Women” tashabbusi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda Toshkentda “O‘zbekiston–Qozog‘iston yoshlari kongressi”ni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.






