Yoshlarni “muammo”lari bilan tashlab qo‘ymaylik
2024-03-18 09:55:00 / Yangiliklar

Yoshlarni “muammo”lari bilan tashlab qo‘ymaylik
Bugungi kunda minglab yoshlarni psixotrop moddalar chirmovuqdek o‘rab olmoqda. Ular o‘z olamida go‘yoki, “muammo”larga ko‘milib qolgan, sevgidan “kuygan”, dunyoning “bevafo”ligini mushtdekligidan his qilib, bundan qutilish uchun doriga “o‘tirib qolgan”.
Bu fikrlarni raqamlar ham isbotlaydi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan yoshlar 74 foizga (talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga) oshgan. Aniqrog‘i, 5 728 nafar yoshlar (117 nafar talaba va 45 nafar maktab o‘quvchisi) javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, vazirlik psixotrop moddalardan 2022-yilda 81 kg, 2023-yilda esa 172 kg muomaladan olinganini qo‘shimcha qilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, vaziyat jiddiy, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qarshi targ‘ibot-tashviqot ishlari kutilgan natijani bermayapti.
Har besh yoshning to‘rtovi siqilgan, hayotdan norozi, asabyiy kayfiyatda. Buning asosiy sababi sifatida ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarni keltirmoqda. Yoshlar tarmoqda yengil-yelpi, hashamatli hayot tarzini ko‘rib, beixtiyor o‘z holati bilan solishtiradi. Shu bois ular doim norozilik bildiradi, qiyinchilik tug‘ilsa, darhol taslim bo‘ladi.
Xo‘sh, yoshlarni o‘z domiga tortayotgan giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’molini kamaytirish uchun nima qilish kerak?
O‘smir nimadan siqiladi?
Iroda SULTONOVA,
psixolog-konsultant:
– Ota-ona va farzand o‘rtasida muloqot, mehr kamaygani, butun diqqat-e’tibor farzandni moddiy ta’minlashga qaratilgani yoshlarni ham psixologik, ham fiziologik toliqtirmoqda. Oqibatda arzimas qiyinchilik ham ularga jiddiy to‘siqdek tuyilib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga rag‘bati yo‘qolishi, adekvat baho darajasi tushishiga yoxud butkul yo‘qolishiga, irodasizlik, ojizlik, tobelik kayfiyatining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday holatda yoshlarni psixotrop moddalar, giyohvandlik, alkogol va tamakiga tobe qilish oson. Stress va bosimda qolgan yoshlar barcha narsaning yechimi “unutish, o‘ylamaslik”, degan xayolga boradi.
Buning oldini olish uchun ota-ona farzandida stress va muammolar kuzatilayotgan davrida uni tushunishga urinishi, farzandda ijobiy jarayonlarni kuchayishi uchun o‘zlari o‘rnak bo‘lishi lozim. Har bir ishidan shikoyat qilib, kamchilik topib emas, arzimas harakat uchun ham minnatdorlik bildirib, kichik xato-kamchiliklaridan fojia yasamay, dalda bo‘lishlari eng oqilona yo‘ldir. Farzand bamisoli yosh bir nihol. Uning bog‘boni esa, biz, kattalardir. Demak, bog‘bonning sa’y-harakati ila nihol unadi yoki yo‘q bo‘ladi. Jarohatning oldi olinmasa, jaholat demak!”.
O‘limga sabab bo‘ladi
Furqat BAHROMOV,
narkolog:
– Psixotrop dori vositalari bekorga alohida guruhga ajratilmaydi. Ruhiyatga ta’sir etuvchi dorilar guruhiga narkotiklar ham kiradi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham, ayniqsa, yoshlar orasida psixoaktiv moddalar iste’moli ko’payib bormoqda.
Aksar holatlarda yoshlar psixotrop moddalarni rohatlanish, kuch-quvvat manbasi deb bilmoqda. Unga qayta-qayta murojaat qilish oqibatida tark etolmay qoladi. Bu ruhiy tobelikka olib keladi, inson salomatligi va ruhiyatiga katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Jahldorlik, tajovuzkolik, odamovilik paydo bo‘ladi. Psixotrop moddalarni uzoq vaqt qabul qilgan bemorda shaxsiy inqiroz kuzatiladi. Shaxsiy inqiroz bosqichida jamiyat uchun xavfli shaxsga aylanadi. Mazkur tobelik surunkali davom etsa, organzimning faol zaharlanishi, pirovardida, bemorda o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin.
Jamoatchilik befarq bo‘lmasin
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati;
– Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 60 foizga ko‘payib, 986 nafarga yetgan. Bu har birimizni tashvishga solishi, o‘ylantirishi shart. Bu illatga qarshi keng ko‘lamda kurashda jamoatchilik asosiy o‘rin tutishi kerak. Avvalo, bolaga to‘g‘ri tarbiya berish, ularning qalbiga qo‘l solish, muammolarini eshitish va yechimini birgalikda qidirish lozim.
“Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida respublika hududida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar analoglarining muomalada bo‘lishi taqiqlangan. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 273-moddasiga asosan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash , olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qarshi immunitet bormi?
Oqizigul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:
– Giyohvand va psixotrop moddalarni iste’mol qilishning keng tarqalishi zamirida ularning eyforik ta’siri – lazzat bera olish xususiyati yotadi. Bu “lazzat” hissi aslida yolg‘on bo‘lib, odamlarni jalb etuvchi o‘ziga xos qarmoq vazifasini o‘taydi. Bu esa giyohvandlikka chalingan shaxslarni jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.
Giyohvandlikka barham berish, uning oldini olish uchun, birinchi navbatda, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, narkotik vositalarga salbiy munosabatni shakllantirish kerak. Ikkinchidan, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, organizmda unga qarshi immunitet hosil qilinishi darkor. Demak, giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu balodan asrash uchun targ‘ibot-tashviqot ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish lozim. Uchinchidan, ota-onalarimiz farzandlarining ichki dunyosidan boxabar bo‘lishi, ular olayotgan axborotni – ko‘rayotgan film va kliplarini imkon qadar nazorat qilib turishi ayni muddao.
Ilhomjon ABDUSALOMOV,
“Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 27 milliondan ziyod odam giyohvandlikka berilgan. Ularning aksariyatini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Shu illat tufayli har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumadi.
