Respublika ishchi guruh Sirdaryoda
2025-07-16 12:00:00 / Yangiliklar

Hududlarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi o‘rganishlarini davom ettirmoqda. Navbatdagi uchrashuvlar Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligida yoshlar masalalari bilan ishlashga mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda viloyat va tuman (shahar) rahbarlarining yoshlar bandligini ta’minlashdagi faolligi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan zarur choralar ko‘rilishi lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mahalla raislari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilarining ta’lim muassasalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, bu orqali ta’limdagi yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Sirdaryoni yoshlar ishsizligidan holi hududga aylantirish, barchani daromadli mehnat bilan band qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tashrif davomida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev chet tillarni o‘rganayotgan, yer maydonlaridan daromad topayotgan yoshlar bilan bevosita uchrashib, ularning faoliyatini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, joylarda yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan foydalanish holati, ularning daromad manbalarini ko‘paytirish, hamda faoliyatni samarali tashkil etish bo‘yicha uchrashuv va tahliliy suhbatlar o‘tkazildi.
Respublika ishchi guruhi a’zolaridan Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova ham Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani “Do‘ngariq” mahallasidagi “Ibrat farzandlari” o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur markazda ingliz, rus, koreys va nemis tillari bo‘yicha 100 ga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 12-iyundagi PQ–153-son qarori asosida yoshlarga ajratilgan yer maydonlari holati ham o‘rganildi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” mahallasida 78 nafar yoshga ajratilgan 1,5 gektar maydonda qovun yetishtirib, daromad olayotgan yoshlar – Furqat Jumanazarov, Doniyor Jumanazarov va Javohir To‘ychiyevlarning faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Bundan tashqari, “Bog‘iston” mahallasi yoshlar yetakchisining faoliyati ham o‘rganilib, joyida tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.










