Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati noan’anaviy kreativ forumi– bilimli va faol qizlar uchun yangi bosqich
2025-07-04 12:30:00 / Yangiliklar

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati" noan’anaviy kreativ forumi navbatdagi safar ham yuqori saviyada o‘tkazildi. Forumda 100 nafarga yaqin faol yosh xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida turli sohalardagi mutaxassislar tomonidan ilhomlantiruvchi taqdimotlar, foydali ma’ruzalar va tajriba almashuvlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, forum doirasida ushbu loyihaning bitiruvchilari taqdirlandi.
Ishtirokchilarga sertifikatlar, kitoblar to‘plami, “Ibrat farzandlari” loyihasining “Super Start” dasturi doirasida ingliz tilini sun’iy intellekt yordamida o‘rganish imkonini beruvchi vaucherlar, “Perla Lady Care” kompaniyasining gigiyenik vositalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tashkil etilgan jamoaviy fotosessiya esa qizlar uchun unutilmas xotira bo‘ldi.
Mazkur tashabbus O‘zbekistonning 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur qizlarning ta’lim olishiga, ijtimoiy faolligi va yetakchilik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” va “Qizlar Ovozi” klubi esa bilimga chanqoq, o‘z yo‘lini izlayotgan yosh qizlar uchun haqiqiy maydon bo‘lib bormoqda.






