“Global yoshlar festivali” davom etmoqda
2025-06-29 19:30:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizda “Global yoshlar festivali”ning navbatdagi yirik yo‘nalishi – “Yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlik” haftaligi boshlandi. Mazkur haftalik yoshlar siyosati yo‘nalishida xalqaro tajriba almashish, muloqot va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, festival doirasida 14–17-may kunlari “Raqamli yashil tashabbuslar haftaligi”, 3–6-iyun kunlari esa “Yoshlar tadbirkorligi haftaligi” tashkil etildi.
Bugun haftalikning “Yoshlar siyosatida global hamkorlik: barqaror kelajak uchun hamkorlikdagi sa’y-harakatlar” mavzusidagi yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xorijlik ekspertlar ishtirokida taqdimot va muhokamalar o‘tkazilib, O‘zbekistondagi yoshlar siyosatining xalqaro doiradagi o‘rni haqida fikr almashildi.
Yig‘ilishda qator xalqaro tashkilotlar va davlatlardan nufuzli vakillar qatnashdi. Jumladan:
- Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Omer Kojaman,
- Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash Bosh kotibi o‘rinbosari Jan Lin,
- Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi vakillari,
- “Assambleya jastari” Respublika jamoat birlashmasi raisi, Qozog‘iston Xalq assambleyasi a’zosi Jumurbaev Timur Gabdulovich,
- Shuningdek, Avstriya, Belorussiya, Malayziya, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Bahrain kabi davlatlardan yoshlar tashkilotlari vakillari ham ishtirok etdi.
Haftalik doirasida yana bir muhim tadbir — O‘zbekiston–Malayziya yoshlar tashkilotlari forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu forum ikki davlat yoshlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
“Yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlik” haftaligi 30-iyunga qadar davom etadi.
Umuman olganda, Global yoshlar festivali dunyo yoshlari uchun samarali muloqot, o‘zaro tajriba almashish va global miqyosdagi yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun noyob maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.









