Sport vaziri yoshlar bilan uchrashdi
2025-06-25 19:00:00 / Yangiliklar

Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan ochiq muloqotda 120 dan ortiq yoshlar, sportchi va para sportchilar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Sport vaziri yoshlarning bilim olishi, o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish borasida fikr-mulohazalarini bildirib, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda sportni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shu bilan birga mamlakatimiz sportchilarining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, o‘quvchi va talaba yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari”, “Universiada”, kabi sport musobaqalarining muntazam o‘tkazilib kelinayotgani va buning natijasida sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Yoshlar bilan samimiy muloqot ruhida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida vazir yoshlar tomonidan berilgan savollarga javob berib, ilgari surilgan takliflarni tingladi. Ularning sport musobaqalarida yanada faol ishtirok etishlari uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida o‘z faolligi va shijoati bilan sport sohasida namuna bo‘lib kelayotgan bir qator yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.







