“Biz bor joyda jinoyat yo‘q – biz bor joylar xavfsiz hudud”
2025-05-06 18:00:00 / Yangiliklar

“Qalqon” - jamiyatga hissa qo‘shish maktabi. Mazkur jamoatchilik guruhi Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy maqsad yoshlar bilan hamkorlikda harbiy-jamoatchilik ishlarini amalga oshirish va bu orqali ularning iqtidorlarini namoyish qilishdan iborat.
Bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Milliy tadqiqot universitetida mazkur jamoatchilik guruhi haqida yoshlarni xabardor qilish, guruh hisoboti bilan tanishish maqsadida “Biz bor joyda jinoyat yo‘q – biz bor joylar xavfsiz hudud” shiori ostida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi harbiy orkestri tantanali sadolari ostida boshlangan tadbirni institut rektori Bahodir Mirzayev ochib berdi.
“Talabalar festivali” doirasida tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminarida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova, “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari va talabalar ishtirok etdi.
Seminarda “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati haqida talaba-yoshlarga keng tushunchalar berib o‘tildi va bu borada bir qator maʼruzalar tinglandi, “Qalqon” bilan hamkorlikda amalga oshirilgan huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan ishlar natijalari haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, tadbir mobaynida Mudofaa vazirligining madaniy dasturlari namoyish etildi.
Seminar yakunida Talabalar festivali doirasida tashkil etilgan “Qalqon” jamoatchilik aʼzolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.









