Matbuot anjumani
2025-02-27 14:00:00 / Matbuot anjumanlari

Bugun, 27-fevral kuni soat 12:00 da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Yoshlarda ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish” va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda ekologik barqarorlik masalasi global muammolar qatorida turib, uning yechimi har bir davlat va jamiyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ekologik barqarorlikni ta’minlash, yoshlarning ekologik tafakkurini shakllantirish va ularning atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Anjumanning asosiy maqsadi – mamlakatimizda ekologik ta’lim va madaniyatni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yoshlarga ekologik bilim berish, ularda ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirish borasidagi chora-tadbirlarni muhokama qilishdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelajak rejalari haqida jamoatchilikka batafsil ma’lumot berildi.
2024-yilda Yoshlar ishlari agentligi va “Ekolog” jamoat birlashmasi hamkorlikda 530 marotaba umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim muassasalarida ekologik ta’lim dasturi asosida “Mehr darslari” tashkil etilib, 15 mingta yaqin yoshlar qamrab olindi. Shuningdek, bolajonlarga suvdan oqilona foydalanish, chiqindini belgilangan joylarga tashlanishi, daraxt ekish va uni parvarishlash, hayvonot va o‘simlik olamiga sayohat kabi va milliy qadriyatlarimizni anglatish, ta’lim olish, odob-axloq qoidalarini o‘rgatadigan “Yashil makon” animatsion multseriali ishlab chiqilib, YouTube platformasiga joylashtirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz bo‘ylab, xar yili, daraxt ko‘chatlarini ekish tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. 2024-yil davomida 155 ming yoshlarga bo‘lib berilgan, 60 ming gektar yer maydoniga hamda “yoshlaryashil bog‘lari”ga yoshlar tomonidan 1 165 189 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shundan, 1 555 435 tup ko‘chatlar yashilmakon.eco platformasiga kiritildi.
Ma’lumot uchun: Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida “Mahalla yoshlarining ma’naviyat bog‘i” tashkil etildi. dastlab, yer maydonlarida sug‘orish tizimlari yo‘lga qo‘yilib, daraxt ekishga tayyorlandi. Bog‘ hududida 8,5 gektarmaydonga pavloniya, oqterak, majnuntol, gilos, tut, tok, qayrag‘och kabi 7 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekildi.
2025-yil bahor mavsumida respulikamizning 121 ta shahar, tumanlarida “Yoshlar yashil bog‘lari” tashkil etilib, 300 ming dona daraxt ko‘chatlari ekiladi. Mazkur tadbirlarda Yoshlar parlamenti a’zolari, eko faollar, talabalar va yosh olimlar, kitobxonlar, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, jurnalist va blogerlar, sportchilar, san’atkorlar, yosh tadbirkorlar, yoshlar yetakchilari, qariyb 50 mingga yaqin yoshlar faol ishtirok etishi belgilangan.
2024-yil 11-22-noyabr Ozarbayjon Respublikasida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasitomonlarning 29-Konferensiyasida dunyo yoshlarini O‘zbekistonda birlashtirish, global ekologik muammolarni o‘rganish va ularning yechimiga qaratilgan yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda dunyo yoshlarini birlashtiruvchi Xalqaro yoshlar qo‘mitasi tashkil etildi. Hozirgi kunda ushbu qo‘mitaga Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasida samarali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, yoshlarining manfaatlari yoʻlida hamkorlik sharoitlarini takomillashtirish boʻyicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish, oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida axborot almashish kabi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanini to‘liq video shaklda ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.






