Gulruhbegim Toxirjonova O‘zbekiston terma jamoasiga qaytdi!
2025-02-12 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida O‘zbekistonga qaytgan grossmeyster Gulruhbegim Toxirjonova ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar bilan iliq uchrashuv o‘tkazdi.
Toxirjonova Gulruhbegim Alisher qizi 1999-yil 16-iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2016-yilda (17 yoshida) ayollar o‘rtasida grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritgan.
Iste’dodli yosh shaxmatchi o‘tgan yillar davomida FIDE ayollar shaxmati ustasi (2013-y.), ayollar o‘rtasida xalqaro sport ustasi (2015-y.), ayollar o‘rtasida grossmeyster (2016-y.) va xalqaro sport ustasi (2024-y.) kabi unvonlarni qo‘lga kiritgan.
Gulruhbegim 15 yildan buyon shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda va faoliyati davomida Jahon kubogida kuchli sakkiztalikka kirgan. U 2016-yilgi ayollar o‘rtasidagi Osiyo Millatlar Kubogining kumush medali sovrindori bo‘lgan.
Oxirgi 5 yil davomida AQShdagi OTMda o‘qish bilan birgalikda shaxmat bo‘yicha tajribasini oshirib borgan sportchi Amerikadagi eng nufuzli turnirlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan.
G. Toxirjonova 2021-yilda ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan AQSh chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritganidan so‘ng AQSh milliy terma jamoasiga qabul qilingan.
2022-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida AQSh terma jamoasi tarkibida 10 tadan munosib 7 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida AQShning 1-taxtasida o‘ynagan.
FIDE reyting ko‘rsatkichi 2 369 bo‘lgan iste’dodli shaxmatchi so‘nggi ikki olimpiadada AQSh milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan.
Bugungi uchrashuvda hamyurtimiz o‘zining kelajakdagi rejalari, shaxmatga bo‘lgan intilishi va yurtimiz shaxmatining rivojiga qo‘shadigan hissasi haqida fikr bildirdi!






