Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv
2024-10-16 11:00:00 / Yangiliklar

Lanchjou partiya qo‘mitasi kotibi, Gansu provinsiyasi doimiy partiya qo‘mitasi a’zosi Chjan Syaosyan boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston mahallalari uyushmasida Uyushma raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Otabek Hasanov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan keng muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Xususan, O‘zbekistonning mahalla tizimidagi islohotlar, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “mahalla yettiligi” faoliyati hamda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot qilindi.
“O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi, ammo natijalar ancha salmoqli, yutuqlar katta. Shu bois sizning tajribangizni o‘rganishimiz va buni provinsiyamizda keng tatbiq etishimiz joiz, deb o‘ylayman” – deydi delegatsiya rahbari Chjan Syaosyan. Uchrashuvda qator masalalarda hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.





