“Yoshlar oyligi” va “Butunjahon yoshlar festivali”
2024-07-06 15:00:00 / Yangiliklar

Har yil an’anaviy o‘tkazilib kelinayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilda ham 9 452 ta mahalla, 208 ta tuman va shaharda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, tanlov, musobaqa, festival va forumlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 7 mlndan ortiq yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.
Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida voleybol, stritbol, futbol, mini-futbol, yengil atletika, stol tennisi, vorkaut va kurash musobaqalari hamda “Mushoira”, “Ibrat”, “Zakovat” tanlovlarining mahalla-sektor-tuman(shahar) bosqichlari, “Besh tashabbus paralimpiyasi”ning respublika bosqichi o‘tkazildi.
10-25 iyun kunlari Respublikaning barcha hududlarida, saylgohlar, madaniyat va istirohat bog‘larida rassomlar ko‘rgazmalari, mushoira kechalari, intellektual o‘yinlar, turli viktorinalar, “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivallari, 200 dan ortiq yirik gala-konsertlar o‘tkazildi.
Vazirlik va idora rahbarlari, sektor rahbarlari, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda 1,5 mlndan ortiq yoshlar qamrab olindi. Uchrashuvlar davomida aniqlangan 3,5 mingga yaqin muammo va taklifdan 2,2 mingdan ortig‘i (62 foizi) joyida hal etildi. Qolgan 1,3 mingga yaqin taklif va muammolar yuzasidan yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.
Shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar hamda xo‘jalik birlashmalari xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol yosh xodimi” ko‘rik-tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini va sport musobaqalari tashkil etilib, 550 mingga yaqin yosh mutaxassislar jalb etildi.
Mobil operatorlar tomonidan barcha abonentlarga “Sizni 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan tabriklaymiz!” matnida o‘zbek va rus tillarida SMS xabarnomalar yuborildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida barpo etilgan jami 14 ta yoshlar obyekti foydalanishga topshirildi.
Ma’lumot uchun: 2 ta Universal sport majmuasi, 2 ta “Yoshlar texnoparki”, 2 ta “IT-park”, 1 ta “Yoshlar markazi”, 1 ta shaxmat maktabi, 1 ta “IT” akademiya, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazi, 1 ta universitet, 1 ta oromgoh, 1 ta axborot-kutubxona markazi, 1 ta “Kreativ park” binosi.
Yillar davomida ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, madaniyat, san’at va sport sohalarida faol va ijobiy natijalarga erishgan yoshlardan 28 nafari “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, 35 nafari “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro tadbirlarda bildirgan taklif va tashabbuslarining ijrosini yuqori saviyada ta’minlash maqsadida 26-30-iyun kunlari ilk marotaba “Butunjahon yoshlar festivali” o‘tkazildi.
Festival doirasida 15 ta xalqaro tadbir, 40 dan ortiq ikki va ko‘p tomonlama uchrashuv va loyihalar, 100 dan ortiq tanlov va musobaqalar o‘tkazilib, ushbu tadbirlarda 92 ta davlatdan 700 nafardan ortiq xorijiy delegatlar, 1 mln nafarga yaqin mahalliy yoshlar ishtirok etdi.
Festivalning ochilish marosimi 26-iyun kuni Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasi hududidagi amfiteatrda 1,5 ming yoshlar ishtirokida tashkil etildi.
27-28-iyun kunlari festival doirasidagi tadbirlar Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida alohida dasturlar asosida o‘tkazildi.
Xususan, Samarqand viloyatida Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumi, Qo‘shilmaslik harakati Yoshlar sammiti, TOP-500dagi OTMlar ishtirokida Global ta’lim forumi o‘tkazildi.
Buxoro viloyatida Markaziy Osiyo yoshlar forumi, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining Yoshlar Kengashini tuzish bo‘yicha ekspertlar yig‘ilishi, Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo yosh liderlar forumi hamda O‘zbekiston-Koreya yoshlar forumlari o‘tkazildi.
Toshkent viloyatida BMTning “Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi”, Shanxay hamkorlik tashkiloti Yosh tadbirkorlar forumi, O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar forumi o‘tkazildi;
Xorazm viloyatida O‘zbekiston-Hindiston yoshlar forumi va Markaziy Osiyo-Xitoy yosh iqtidorlar forumlari o‘tkazildi.
Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti yosh liderlar forumi (eko-oromgoh), “Toshkent shahri – MDH yoshlar poytaxti” loyihasi doirasida “Yosh kitobxon” tanlovi, shaxmat turniri, Yoshlar parlamentlari yig‘ilishi, yoshlar muammolarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-amaliy konferensiya hamda yosh tadbirkorlar ishtirokida biznes marafon o‘tkazildi.
Festival doirasida 27-29-iyun kunlari Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida taniqli xorijiy va mahalliy olimlar, madaniyat va san’at vakillari, tadbirkorlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: “NASA” ekspeditsiyasi a’zosi, turkiyalik birinchi astronavt Alper Gezeravchi, “D-Billions” platformasi asoschisi Ernest Umetaliyev, jahon musiqa yulduzi Dimash Kudaybergenov, jahon futbol afsonalari Kristian Panuchchi, Jezus Silva, Serjio Klaudio dos Santos, Kristian Dzakkardo, Yutub platformasi eksperti Yan Veychers, “Pearson” korporatsiyasi eksperti Arek Javorski, “Z-Notes” platformasi asoschisi Zubair Junjunia va boshqa nufuzli mehmonlar tashrif buyurdi.
Shuningdek, Yoshlar ijod saroyi hududida ilm-fan, kasb-hunar, tadbirkorlik, hunarmandchilik, IT, vatanparvarlik va besh tashabbus olimpiadasi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan 4 ta yirik pavilon va 11 ta maydondan iborat “Yoshlar shaharchasi” tashkil etildi.
Ushbu shaharchada yoshlar uchun tashkil etilgan 50 dan ortiq turli interfaol o‘yinlar, viktorinalar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, mushoiralar, tanlov va musobaqalarda 5 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etib, 500 ga yaqin munosib yoshlar rag‘batlantirildi.
Toshkent fotosuratlar uyida “Orzu” ko‘rgazmasi (bolalarning ko‘z operatsiyalari uchun 151 mln so‘m xayriya mablag‘lari yig‘ildi), O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Parvoz” yosh ijodkorlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
27-29 iyun kunlari “CAEx Uzbekistan”da o‘tkazilgan xalqaro san’at haftaligi davomida milliy ko‘rgazmalar, san’at, moda, ekofaollar yo‘nalishlarida ekspertlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, bunga 7 mingdan ortiq mahalliy va xorijlik yoshlar ishtirok etdi.
Bundan tashqari, “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida 7 ta mamlakat yoshlari o‘rtasida ilk marotaba o‘zbek tilida “Quvnoqlar va zukkolar” do‘stlik kubogi xalqaro tanlovi o‘tkazildi.
28-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etilib, unda barcha hududlar va tuman (shahar) studiyalaridan jami 65 ming nafar yoshlar ishtirok etdi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” bayrami hamda “Butunjahon yoshlar festivali”ning yopilish marosimi munosabati bilan Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyida 10 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirokida gala-konsert o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: 14 ta hudud va 208 ta tuman(shahar)da tashkil etilgan konsert dasturlariga 1 mlnga yaqin yoshlar qamrab olindi. Tadbirlar avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan loyiha va tadbirlar haqida 1,4 mingga yaqin ma’lumot, 85 ta bayramona ko‘rsatuv, tok-shou, eshittirish va telemarafonlar, maxsus video-roliklar yoritildi, “Yoshlar ovozi” gazetasining maxsus soni nashr etildi.
Festival jarayonlari 100 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida, xususan “Azertag”, “TRT Avaz”, “Al-Arabiya”, “Mir 24”, “Sputniknews”, “Rossiya 24”, “Kazinform”, “The Halal Times” va boshqalar, shuningdek xalqaro tashkilotlarning rasmiy veb sahifalarida keng yoritildi.









