“IQtidorli” yoshlar oromgohi
2024-06-10 09:00:00 / Yangiliklar

Har bir davlatning rivojlanishida STEM fanlari doirasidagi matematika, fizika, muhandislik, kimyo, biologiya texnologiya fanlari birinchi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda STEM yo‘nalishidagi fanlarni rivojlantirishga so‘nggi yillarda katta e’tibor berilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi bu borada O‘zbekiston yoshlarini ushbu fanlarga qiziqishlarini oshirish, bu fanlarda eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning bilimlarini oshirish maqsadida juda ko‘plab ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Joriy yilning 3-9-iyun va 10-16-iyun kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da Yoshlar ishlari agentligi tomonidan STEM fanlari doirasidagi matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, shuningdek, robototexnika, muhandislik, ixtirochilik yo‘nalishlarda eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun ilk bora “IQTIDORLI” yoshlar oromgohi tashkil etilmoqda. Mazkur oromgoh 2 mavsumda tashkil etilgan bo‘lib, har bir mavsumga 200 dan ziyod yoshlar qabul qilindi. Oromgohga matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika, robototexnika, muhandislik fanlari va yo‘nalishlarida respublika, xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarda eng yuqori natijalarga erishgan 5 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-talaba yoshlar jalb etildi. “Iqtidorli” oromgohga ishtirok etish uchun Yoshlar ishlari agentligi maxsus platforma orqali arizalar qabul qildi hamda bu platformaga 3500 dan ziyod yoshlar ishtirok etishni bildirib, o‘z yutuqlarini yubordilar.
Kelib tushgan arizalardan 400 nafardan ziyodi qabul qilinib, ular “Iqtidorli” oromgohiga qabul qilindilar. Dam oluvchilar orasida respublikamizning barcha hududlaridan o‘quvchi va talabalar, magistratura talabalari, shuningdek xorijning eng nufuzli TOP ta’lim dargohlarida, jumladan AQShning Garvard, Pensilvaniya, Sinsinate universitetlarida, shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya davlatlarida tahsil olayotgan 10 dan ziyod talabalar ham qatnashmoqda. Ular orasida 15 nafar matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika fanlaridan xalqaro fan olimpiadalar g‘oliblari ishtirok etayotgani hamda dam olib o‘zaro tajriba almashayotgani nafaqat ularning, balki boshqa qatnashchilar kelajakdagi yutuqlariga erishishga ham katta motivatsiya hamda tajriba almashish maydoni yaratildi. Shuningdek, ishtirokchilar orasida “Kelajak bunyodkori”, “Mard o‘g‘lon”, “Zulfiya” davlat mukofoti sohiblari ham ishtirok etib, bilim va tajribalarini oshirdilar. Oromgoh ishtirokchilariga bilim berish uchun ham O‘zbekiston bo‘ylab barcha pedagoglar uchun ochiq tanlov platformasi tashkil etilib, mazkur platformaga 180 nafardan ziyod eng tajribali pedagoglar o‘z bilimlarini berish uchun arizalar topshirdi. Ushbu arizalar orasidan eng yaxshi natijalarga erishgan, eng tajribali 20 nafardan oshiq pedagog mutaxassislar Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim professorlari, Ixtisoslashgan maktab-internat o‘qituvchilari tanlab olindi hamda ular oromgohda 5 ta fan bo‘yicha dam oluvchi yoshlarga master klass darslarini tashkil etdilar. STEM fanlari doirasidagi fan ixlosmandlari odatda introvert bo‘lib, o‘z olamida yashashadi, ko‘plari jiddiy yoshlar bo‘ladilar, ularning ijtimoiy hayotda soft skill tomonlarini ham rivojlantirish maqsadida ularga nafaqat STEM doirasidagi fanlardan, balki soft skill mashg‘ulot treninglari ham malakali murabbiylar tomonidan tashkil etildi. Jumladan psixologiya, san’at, sun’iy intellektdan maqsadli foydalanish, mediasavodxonlik, biznes va moliyaviy savodxonlik kabi treninglar, robototexnika, ixtirochilik ko‘rgazmalari tashkil etildi.









