Mahallalarda yoshlar bilan ishlash: 2026-yil uchun ustuvor vazifalar
2026-01-17 18:00:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston mahallalari uyushmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisining birinchi o‘rinbosari G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektorda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Vazirlar Mahkamasi departamenti rahbari Fayzulla Qosimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari, hududlar hokimlarining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, 8 992 ta mahalla raislari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini mahallalarda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahallalarda tinchlik, barqarorlik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tizimli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ayni paytda respublikaning barcha hududlarida targ‘ibotchilar guruhlari shakllantirilib, ular zarur tarqatma materiallar bilan ta’minlangan. Joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar reja asosida va tizimli ravishda o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan mahallalarda yoshlar bilan ishlash, ularda Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berildi.
Xususan, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan manzilli dasturlar ishlab chiqish, Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ilgari surilgan muhim tashabbuslarni aholi, jumladan yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 85,5 ming nafar ishsiz hamda 29,7 ming nafar jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan “og‘ir” toifadagi yoshlarni rahbarlarga biriktirish orqali ularning muammolarini tizimli hal etish, sog‘lomlashtirish va ijtimoiy muhitga moslashtirish choralari ko‘rilishi qayd etildi.
Mahalla yoshlari o‘rtasida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-vatanparvarlik musobaqalarini keng targ‘ib etish orqali 300 mingdan ortiq yoshni qamrab olish, har bir mahallada jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “Qalqon” jamoatchilik patrul guruhlari faoliyatini doimiy yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilandi.
Bundan tashqari, “Antinarko” yoshlar front-ofislarini tashkil etish, volontyorlar ishtirokida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, “Vatan tayanchi” harakatini umumta’lim va kasb-hunar ta’lim muassasalarida joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlarda “Jasorat” maktabi harbiy yig‘inlarini tashkil etish, “Shunqorlar” harbiy-vatanparvarlik spartakiadasi doirasida “Vatanparvarlar”, “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Yosh gvardiyachi”, “Shunqorlar” hamda “Amir Temur avlodlari” musobaqa va tanlovlarini yuqori saviyada o‘tkazish vazifalari belgilandi.
Shu bilan birga, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sport musobaqalari, aksiya va tadbirlarni tashkil etish, yoshlar uchun harbiy qismlarga sayohatlar uyushtirish orqali ularning harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida faoliyatida namuna bo‘layotgan, fidoyi “mahalla yettiligi” xodimlarini rag‘batlantirish, shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.






