“O‘zbekiston o‘quv markazlari forumi” yakunlandi
2025-12-13 22:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida ikki kun davom etgan “O‘zbekiston o‘quv markazlari forumi” o‘z ishini yakunladi. Forum doirasida o‘quv markazlari faoliyatini takomillashtirish, ta’lim sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan muhokamalar o‘tkazildi.
Forumda respublikamiz bo‘ylab 208 ta tuman va shahardan 700 ga yaqin o‘quv markazi vakillari, ta’lim sohasida katta tajribaga ega TOP spikerlar, mashhur blogerlar va ta’lim yo‘nalishida kontent yaratuvchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Kun davomida o‘quv markazlari rahbarlari va soha vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Unda hududlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar mavjud masalalar yuzasidan amaliy takliflarini bildirib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdilar.
Shuningdek, forum doirasida bir qator loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi. Xususan, “Mutolaa”, “Topcoach”, “Qizlar akademiyasi”, “Uzchess”, “Ustoz AI”, “Zehnly AI”, “Ko‘mak”, “Biz-kombinator” kabi loyihalar ishtirokchilarga taqdim etildi.
Forumda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim yangiliklar ham e’lon qilindi. Jumladan, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantiruvchi “2+6” dasturi ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda o‘quv markazlari 2plus6.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Ro‘yxat tasdiqlangach, yoshlar “Yonda” ilovasi orqali ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jami 6 (2020-2025) yil ichida IELTS imtihonidan 5,5 (B2 daraja) va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 245,7 ming nafarni tashkil etdi.
Shuningdek, 8,5–9 ball (C2 daraja) olgan yoshlar soni esa 2020-yilga nisbatan 47 baravarga oshgan. Xususan, 9 ball natijani qo‘lga kiritgan yoshlar 68 nafarga yetgan.
Bugungi kunga qadar xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball to‘plagan 56 354 nafar yoshning 111,2 mlrd so‘m imtihon topshirish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab berildi.
2022-yilda faoliyat yuritgan 12 840 ta ta’lim subyekti soni 2025-yilga kelib 38 465 taga yetdi. Xususan, o‘quv markazlari 6314 ta, yakka tartibdagi tadbirkorlar 2129 ta, o‘zini-o‘zi band qilgan repetitorlar 30022 tani tashkil etmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar ta’lim subyektlarining so‘nggi uch yilda 3 baravar oshganligini ko‘rsatadi.
Ushbu markazlar tomonidan 72 ming ish o‘rini yaratilib, tahsil oluvchi yoshlar soni 1 million nafardan oshdi.
Bundan tashqari, chekka hududlarda o‘quv markazlari tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan “Ko‘mak” loyihasi doirasidagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazi ochishni rejalashtirgan 52 nafar yoshning har biriga 130 million so‘mgacha bo‘lgan foizsiz ssuda vaucherlari topshirildi.
Mazkur tashabbuslar yoshlar uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirib, “2+6” dasturi orqali minglab, kelgusida esa 100 minglab yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qiladi.









