Natijalar qog‘ozda emas, amalda!
2025-12-10 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, boshqaruvning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish, eng muhimi, ijro intizomini mustahkamlash masalasi mamlakatimizda keng qamrovli yangilanishlarning asosiy poydevorini tashkil etadi. Har bir davlat organining faoliyati, qabul qilinayotgan qarorlarning amalda bajarilishi, jarayonlar shaffofligi va mas’ul shaxslarning javobgarligi davlat siyosatining zamonaviy mezonlariga aylangan.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek, qabul qilinayotgan qaror va topshiriqlar “qog‘ozda emas, amalda natija berishi” kerak. Bu tamoyil ijro intizomiga yuksak amaliy ahamiyat bag‘ishladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-son farmoni ijro intizomini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri sifatida sifat o‘zgarishlarini tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu hujjat faoliyatdagi intizomiy bo‘shliqlar, mas’uliyatning tarqoqlashuvi, qarorlarning bajarilishida kechikishlar va natija uchun aniq javobgar shaxsning belgilanmagani kabi uzoq yillardan buyon to‘planib kelgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.
Farmonning mazmun-mohiyati davlat boshqaruvida ikki muhim yondashuvni mustahkamlaydi. Birinchisi – tartib-intizomni kuchaytirish, ikkinchisi – harakat emas, natija uchun mas’uliyatni ustuvor mezonga aylantirishdir. Zero, farmonda belgilanganidek, amaldorlar faoliyatida bajarilgan ishlarning soni emas, jamiyatning manfaatiga xizmat qiladigan samaradorlik, o‘z vaqtida bajarilgan topshiriq, aniq natija ustuvor hisoblanadi.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tizimida qatiy intizom shaxsiy javobgarlik instituti kuchaytirilib, mas’ullar faoliyatiga baho berishning yangi mezonlari joriy etildi. Rahbarlar uchun KPI tizimi tatbiq qilinishi, intizom buzilishiga nisbatan chora ko‘rish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilgani, ijro samaradorligini monitoring qilishning yagona tartibi belgilab berilgani o‘tgan qisqa vaqt ichida sezilarli natijalar berdi. Bu tizim faqat nazorat vositasi emas, rahbarlar va mas’ul xodimlar faoliyatini baholashning, rag‘batlantirishning aniq mezoni sifatida ishlamoqda.
2025 yilning 1-, 2- va 3-choraklarida agentlik rahbarlarining KPI ko‘rsatkichlari ham mos ravishda 97,1–97,2 foizdan 100 foiz bajarilganligi mas’uliyat va intizom masalasi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilayotganini ko‘rsatadi.
Agentlik mas’ul xodimlarning shaxsiy ish rejasi va individual KPI ko‘rsatkichlari bevosita rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlik choralari bilan uyg‘unlashtirilgani tizimda mas’uliyatni yanada kuchaytirdi. Misol uchun, mas’uliyatsizligi va majburiyatlariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani tufayli yil davomida 3 nafar xodim lavozimidan ozod etildi, 5 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi, 2 nafar xodimga moddiy jazo, 13 nafariga qat’iy ogohlantirish berildi. Bu raqamlar intizom masalasi formal talab emas, shaxsiy javobgarlik asosida amalga oshirilayotganini anglatadi.
Ijro intizomini takomillashtirishda xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlar alohida o‘rin tutadi. Joriy yilda 7 nafar xodim Vazirlar Mahkamasida stajirovka o‘tadi, 4 nafar xodim Hisob palatasi va Adliya vazirligida iqtisodiy o‘qishlarda ishtirok etdi. Shuningdek, Agentlikning markaziy apparati va vertikal tizimida 11 marotaba iqtisodiy o‘qishlar o‘tkazilib, 160 nafar hududlardagi mas’ul xodimlarning Agentlik markaziy apparatida stajirovka o‘tashi tashkil etildi.
Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti topshiriqlar ijrosini sohaviy tarzda monitoring qilib, har chorakda Hay’at va Respublika komissiyasi majlislarida muhokama etib bormoqda.
2025 yil yanvar–noyabr oylarida Agentlikda jami 1 448 ta topshiriq nazoratga olingan bo‘lib, shundan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining 997 tasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari topshiriqlari 58 tasi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan 393 ta topshiriqlarning ijrosi to‘liq ta’minlandi.
Tizim mas’ullari va quyi tashkilotlar endi faqat ma’lumot berish bilan cheklanmay, belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini isbotlashi shart. Bu amaliyot ijro tizimi orqali natija ko‘rsatish madaniyatini shakllantiryapti.
Nazorat bor joyda tartib bo‘ladi
Bunday yondashuv natijasida Yoshlar ishlari agentligining barcha yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, iste’dodlarni ro‘yobga chiqarish, bandlik masalalaridagi keng ko‘lamli faoliyati amaliy ahamiyat kasb etib bormoqda. Shubhasiz, bularning ichida bandlik, yoshlar jinoyatchiligining oldini olish va davlatning e’tiboriga muhtoj yoshlar bilan ishlash masalasi juda dolzarbdir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimi yaratilgani har bir mahallaga biriktirilgan yoshlar yetakchilaridan aniqlik, natijadorlik va tezkorlikni talab qilmoqda. Yoshlar muammolarini “yuqori bo‘g‘inga chiqmasdan turib” quyi tizimning o‘zida hal etish ijro intizomining amaliy natijasidir. Bu jarayonda yoshlar yetakchilarining uyma-uy yurib, yoshlarning holatini o‘rganishi, murojaatlarni qayd etishi va ularni mas’ul idoralarga yo‘naltirishi, eng muhimi, har bir murojaat bo‘yicha natijaga erishishi kutilmoqda.
Xususan o‘tgan davr mobaynida mahallalardagi yoshlar yetakchilari ko‘magida 9,2 million yoshlar balansi shakllantirildi. Ishsiz va biznes boshlash istagidagi 384,4 ming yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yoshlar bandligi dasturi” qabul qilinib, 354 ming nafarining (92 foiz) bandligi ta’minlandi. Shu jumladan, 115 ming ishsiz yoshlar respublika, hududiy va mahalliy darajadagi idoralarning 4 588 nafar rahbarlariga shaxsan biriktirilib, ularning barchasini to‘liq bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, joriy yilda yoshlar uchun tom ma’nodagi imkoniyat yili bo‘ldi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki joriy yilning o‘zida Prezidentimiz yoshlar bilan 2 marotaba uchrashuv o‘tkazib, yoshlar tashabbuslari, ularning tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga 400 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan shu kunning o‘zida “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ 60-son, “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ 61-son hamda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”
PQ 62-son qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar ijrosini o‘z vaqtida samarali tashkil etish hamda ajratilgan mablag‘larni haqiqiy egalariga yetib borishi qat’iy nazorat qilinishi natijasida 15 minga yaqin yosh tashabbuskor yigit qizlarimizga qariyb 2 trilion so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, 20 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar doirasida xorijiy tillarini o‘rganishni rag‘batlantirish va ekologik tashabbuslarni moliyalashtirish bo‘yicha tizim yaratishga qaratilgan muhim meyoriy huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 otyabrdagi “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratish hamda o‘quv markazlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 632-sonli qarori bilan yoshlarni ingliz, nemis, fransuz, yapon, koreys va xitoy tillarini o‘rganishi uchun ikki oy xarajatlari o‘quvchi tomonidan qoplanadigan keyingi olti oy uchun to‘lovlar davomatga qarab davlat tomonidan moliyalashtiriladigan “2+6” formatidagi dastur yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur dastur orqali 2030 yilga qadar 100 ming nafar yoshlarni xorijiy tillardan sertifikat olishini ta’minlovchi aniq maqsadlar belgilab olindi. Bundan tashqari, Hukumatning 2025 yil 8 oktabrdagi 631-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yashil tashabbuslar”ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, yoshlarni atrof-muhitni asrash, ekologik madaniyatni oshirish, chiqindilarni qayta ishlash, yashil texnologiyalarni rivojlantirish va iqlim bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida tizim yaratildi. Ushbu tizim orqali yoshlarning ta’lim, innovatsiya va ekologiya yo‘nalishlaridagi tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi belgilab olindi.
Yoshlar bilan ishlash Rahbarlarning ustuvor vazifasiga aylandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qat’iy talabi asosida yoshlar masalasi mahalliy idoralar uchun “qo‘shimcha vazifa” emas, balki har bir mas’ulning kundalik faoliyatidagi bosh yo‘nalish sifatida belgilab berildi. Mazkur yondashuv natijasi har bir yoshga mas’ul rahbarlar biriktirilib, ularning hayot tarzidan boshlab, oilaviy muhitigacha, ta’limdan chetda qolishidan tortib bandlikdagi uzilishlargacha – ko‘p qirrali muammolarga individual yechim topish amaliyoti joriy etildi.
Yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat darajasining kamayishiga, bandlik, ta’lim va psixologik ko‘makning bir butun tizim sifatida ishlashiga olib keldi. Ta’limdan chetda qolgan minglab yoshlar qayta o‘qishga jalb qilindi.
Tizim qanday yangilanishlarga tayyor?
Yoshlar bilan ishlash tizimidagi hozirgi natijalar keyingi bosqich uchun asos bo‘ladi deb o‘ylayman. Muhimi, Agentlik faoliyati bugun “murojaat kelgach harakat qilish” modelidan chiqib, “oldini olish, barqaror yechim yaratish” modeli sari ilgarilayapti. Rejalar ham ayni tamoyil asosida shakllanmoqda.
Bu modelni hayotga to‘laqonli tadbiq etish uchun birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19 noyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida har bir rahbar KPI ko‘rsatgichiga yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish masalalari kiritilib, kunlik nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ikkinchidan, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yaratilgan mexanizmlar yanada takomillashtiriladi.
Chunki amaliyot shuni ko‘rsatdiki, muammo hal qilingach, nazorat bo‘shashsa, yosh yana avvalgi muammolari girdobiga tushib qolishi mumkin.
Shu sabab har bir yosh uchun uzoq muddatli monitoring kartasi joriy etiladi. Bu karta yoshning ta’limi, bandligi, ijtimoiy holati, oilaviy muhitidan tortib psixologik ko‘rsatkichlarigacha muntazam o‘rganib boriladigan tizimni takomillashtirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan esa, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona ekotizim shakllantiriladi.
Bunda yoshlarning tashabbuslari startap g‘oyalari, biznes loyihalarini rag‘batlantirib borish tizimi takomillashtiriladi va ularni doimiy bilim va malakasini oshiruvchi o‘quv markazlari qo‘llab-quvvatlanadi. Bu orqali har bir har bir yigit-qiz qobiliyatidan kelib chiqib, o‘z hududida daromad topish imkoniga ega bo‘ladi.
Oldimizga qo‘yilgan mazkur vazifalarni har tomonlama sifatli bajarish uchun Agentlikning vertikal tizimida natija jamoaniki – mas’uliyat shaxsiy tamoyili asosida qatiy tartib intizomga asoslangan ijro mexanizmi yanada takomillashtirib boriladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 6-dekabr kungi 253-sonidan
