Muloqot formatidan strategik integratsiya sari
2025-11-20 10:00:00 / Yangiliklar

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon siyosati va geoiqtisodiyotida tobora muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. 2018-yildan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyaning institutsional asosi, qardosh xalqlarning o‘zaro ishonchi, hamjihatligi va strategik sherikligining mustahkam poydevori sifatida e’tirof etilmoqda.
2025-yil 15–16-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi nutqi mintaqaviy siyosatdagi tamoyillar, maqsadlar va istiqbollarni yana bir bor aniq belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shu bilan birga, mazkur sammitda tarixiy voqeaga – Ozarbayjon Respublikasining mazkur formatga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilganiga guvoh bo‘ldik. Bu nafaqat Markaziy Osiyoning, balki keng Yevroosiyo mintaqasidagi integratsiyaviy jarayonlarning yangi bosqichga o‘tayotganini ko‘rsatmoqda.
Siyosiy iroda va sa’y-harakatlar samarasi
Dastlab yaqin tarixga nazar tashlasak, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 20-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, O‘zbekiston Markaziy Osiyo barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdor ekanini bildirgan holda, mintaqa davlatlari Prezidentlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ushbu taklif qo‘llab-quvvatlanib, 2018-yil 15-mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘shanda Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev “Siz O‘zbekistonda juda katta ishlarni amalga oshiryapsiz va bu butun mintaqamizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kecha Tojikiston, bugun Qirg‘iz Respublikasi Prezidentlari bilan gaplashdim. Ular ham sizning siyosiy irodangiz va sa’y-harakatlaringiz xalqlarimizni xursand qilayotganini aytishdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bugungi Maslahat uchrashuvi ham sizning tashabbusingiz bilan tashkil etildi. Bu hali boshlanishi”, – degan edi.
Umuman olganda, Maslahat uchrashuvlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – Markaziy Osiyoda barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va do‘stlikni mustahkamlashdan iborat edi.
Davlatlar rahbarlarining umumiy sa’y-harakatlari bilan mintaqamizda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan yangi siyosiy muhit shakllandi. Barcha darajadagi muloqotlar faollashdi, amaliy, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muhim tarixiy qadamlar tashlandi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu format orqali: chegaralarning ochilishi, aholining erkin harakati, suv-energetika bo‘yicha kelishuvlar, transport aloqalarining tiklanishi, o‘zaro savdo hajmining muttasil o‘sishi, xavfsizlik sohasida hamkorlikning kuchayishi kabi ko‘plab muhim natijalarga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev “Markaziy osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida haqli ta’kidlaganidek, davlatlarning sa’y-harakatlari bilan mintaqada yangi iqtisodiy voqelik shakllanmoqda. So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi. Birgina mamlakatimizni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016-yildagi 2,4 milliard dollardan 2024-yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, o‘tgan qisqa davrda bizning mintaqa tubdan o‘zgardi, ochiq muloqot va faol amaliy hamkorlik tufayli dolzarb muammolarga samarali yechimlar topildi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo haqiqiy ma’noda jadal taraqqiyot va hamjihatlik makoniga aylanib ulgurdi.
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz – birlashuvning yangi o‘qi
Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar alohida xususiyatga ega. Bu munosabatlar ko‘p asrlik umumiy tarix, ma’naviy va madaniy meros, birodarlik, do‘stlik va hamjihatlikka asoslanadi. Keyingi yillarda bu aloqalar nafaqat asrab qolindi, balki strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Ozarbayjon Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinganini buning amaliy tasdig‘i sifatida keltirish mumkin.
Mazkur prinsipial qarorni Shavkat Mirziyoyev quyidagicha izohladi: “Ushbu strategik qadam umumiy tarix, qardoshlik rishtalari, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlarimiz manfaatlariga to‘liq javob beradi.
Men qat’iy ishonamanki, qardosh Ozarbayjonning qo‘shilishi Maslahat uchrashuvlarimizga kuchli shiddat beradi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlarni ochadi.
Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz”.
O‘z navbatida, Ilhom Aliyev “Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlik formatiga Ozarbayjonning qo‘shilish to‘g‘risida qabul qilingan qaror uchun hamkasblarimga rahmat aytaman. Ushbu qaror bizning munosabatlarimizning do‘stona va birodarlik ruhini yana bir bor tasdiqlaydi, keng geografiyadagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi”, – dedi.
Qayd etish joizki, bu qadam bir qancha jihatdan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, geoiqtisodiy birlashuvning yangi o‘qi yaratildi. Ozarbayjon – Kaspiybo‘yi mintaqasidagi yetakchi davlat, Janubiy Kavkazdagi iqtisodiy markaz va Yevropa – Osiyo transport yo‘lagining muhim bo‘g‘inidir. Uning qo‘shilishi: transkaspiy yo‘laklarining, “Ozarbayjon – Markaziy Osiyo – Yevropa” savdo yo‘nalishining, energetik hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadi.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyoning xalqaro nufuzi ortishiga xizmat qiladi. Prezidentimiz alohida uqtirganidek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga Ozarbayjonning qo‘shilishi bilan mintaqamizning dunyo hamjamiyatidagi ovozi yanada ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.
Uchinchidan, tarkibiy jihatdan kengayish – mintaqaviy barqarorlikka katta hissa bo‘lib qo‘shiladi. Chunki Janubiy Kavkaz – geosiyosiy jihatdan o‘ta nozik hudud bo‘lib, uning Markaziy Osiyo bilan yaqinlashuvi Yevroosiyoda barqarorlik va ishonch muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining “biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustaxkam ko‘prik barpo etyapmiz”, degan so‘zlari mintaqa kelajagining aniq strategik yo‘nalishini belgilaydi.
Mintaqaning o‘zgarayotgan kun tartibi
Keyingi paytlarda “Markaziy Osiyo plyus” shaklidagi muloqotlar soni va ko‘lami yildan yilga ko‘paymoqda, ya’ni bugungi kunda 10 ga yaqin mana shunday formatlar mavjud. Eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida bir nechta muhim tashabbuslarni ko‘tarib chiqmoqda va bu formatdagi muloqotlarning strategik ahamiyatini oshirishga harakat qilmoqda. Ya’ni bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – “muloqot formati”dan “strategik integratsiya”ga o‘tish, amaliy hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarni rivojlantirish, suv va ekologik muammolarni hal qilish, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash kabi bir qancha takliflar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, hayotda o‘z ijrosini topmoqda.
Shu ma’noda Toshkent sammitida ham Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy integratsiyaning kelgusi 10-20-yillik istiqbolini belgilab berishga qaratilgan g‘oyatda qimmatli tashabbuslarni o‘rtaga tashladi. Ular orasida eng muhim beshta yo‘nalish sifatida quyidagilarni e’tirof etish mumkin.
- Birinchidan, Maslahat uchrashuvining institutsional asoslarini kuchaytirish, ya’ni “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatini yaratish, doimiy Kotibiyat tashkil etish, Oqsoqollar kengashini tuzish. Bu qadamlar, shubhasiz, formatning rasmiy, barqaror va samarali institutsional tuzilmaga aylanishini ta’minlaydi.
- Ikkinchidan, savdo va investitsiyani 1,5–2 barobarga oshirish, ya’ni 2035-yilga qadar mintaqaviy iqtisodiy dastur, yagona investitsiya makoni to‘g‘risida deklaratsiya, elektron tijoratning umumiy maydonchasini. Hozir mamlakatlar o‘rtasidagi savdo 10,7 mlrd dollarni tashkil etadi. Yaqin 5–7-yilda bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish imkoni bor.
- Uchinchidan, mintaqaviy infratuzilma va transport yo‘laklari masalasi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on koridori, Transkaspiy yo‘lagi kabi loyihalar Markaziy Osiyoni global savdo markazlaridan biriga aylantirishi mumkin.
- To‘rtinchidan, xavfsizlik va barqarorlik mexanizmlari bo‘lib, bu, o‘z navbatida, mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasi, tahdidlar katalogi, Afg‘onistonni iqtisodiy loyihalarga integratsiya qilishni nazarda tutadi.
- Beshinchidan, ekologiya va suv resurslariga e’tibor qaratish, “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish” o‘n yilligini e’lon qilish. Shu bilan birga, umumiy “yashil rivojlanish” konsepsiyasini qabul qilish, Toshkentda Suv xo‘jaligi kompetensiyalar markazini ochish. Zero, suv taqchilligi – mintaqaning eng katta tashvishi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik tinchlik va barqarorlikning asosiy kafolatidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent sammitidagi nutqining uzoqni ko‘zlagan yo‘nalishlaridan yana biri – Markaziy Osiyoda yagona ma’naviy-madaniy makonni shakllantirish g‘oyasidir. Bugungi beqaror geosiyosiy muhitda ma’rifat, bilim va madaniyatning birlashtiruvchi kuch sifatida qadr topayotgani bejiz emas. Buni Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Toshkentda ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik g‘oyalariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro kongress o‘tkazilgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining mintaqamiz taniqli olim va mutafakkirlarining global ma’rifatparvarlik rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan Maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, Mintaqaviy ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasini tuzishni taklif etdi. Shubhasiz, ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyoning jahon ma’naviy xaritasidagi ulug‘ mavqeini tiklashga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbuslar bir maqsadga – Ab-u Rayhon Beruniy, Ab-u Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi zotlarni tarbiyalagan, ilm birlamchi qadriyat sifatida e’zozlangan ulkan ma’rifat hududini zamonaviy sharoitda qayta tiklashga qaratilgan. Bu harakat ilmiy-madaniy aloqalarni kuchaytirib, Markaziy Osiyoni jahondagi intellektual raqobat va innovatsiyalar maydonida yanada ta’sirchan o‘yinchi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Shavkat Mirziyoyevni dunyo yetakchilari e’tirof etmoqda
Keyingi oylarda O‘zbekiston dunyo tashqi siyosatining eng faol ishtirokchisiga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki marta AQSHga safari, Slovakiya, Finlyandiya Prezidentlarining mamlakatimizga ilk tashriflari, YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi va boshqa ko‘plab muhim xalqaro tadbirlarning yurtimizda o‘tkazilgani fikrimizning yorqin isbotidir.
Mazkur nufuzli anjuman va uchrashuvlar Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan, dono va pragmatik tashqi siyosatining natijasi hisoblanadi. Mamlakatimiz rahbarining bunday tashabbus va g‘oyalariga dunyoning yetakchi davlatlari liderlari yuksak baho berishmoqda.
Toshkent sammiti hamda ikki tomonlama rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham Shavkat Mirziyoyev o‘zining xalqaro hamjihatlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan faol pozitsiyasi bilan jahon geosiyosatida juda katta obro‘-e’tibor qozonayotganini alohida aytib o‘tdilar.
Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bugungi kunda O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajada yuksak pog‘onaga ko‘tarilishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning do‘stlik hamda hamkorlik mintaqasi sifatida tanilishida O‘zbekiston rahbarining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, davlatimiz rahbarini Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Qozog‘iston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘zbek xalqi tomonidan e’tirof etilgan yetakchi, xalqaro maydonda katta nufuzga ega bo‘lgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etgan yirik davlat arbobi sifatida ta’rifladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy va samarali rahbarligi tufayli O‘zbekiston ko‘plab sohalarda hayratomuz natijalarga erishgan, butun dunyoda muvaffaqiyatli rivojlanayotgan davlat sifatida tanilib bormoqda.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarining sammitda bildirgan takliflarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Yana bir e’tiborli jihat. Bir kun oldin – 15-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bergan bayonotida o‘ttizinchi-qirqinchi yillarda qozog‘istonlik barcha ziyolilar Toshkentda tahsil olganini va buning ortidan hozir mamlakatda “U Toshkent ko‘rgan” iborasi shakllanganini ma’lum qildi. “Muxtor Avezov va boshqa taniqli ziyolilar shu yerda o‘qishgan. Shundan beri qozoq tilida “u Toshkent ko‘rgan” iborasi bor”, – dedi Toqayev.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham o‘z nutqida O‘zbekiston rahbarini Samarqand shahrida YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi. Sessiya 41-yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida bo‘lib o‘tgani, bu esa Markaziy Osiyoning xalqaro gumanitar jarayonlardagi roli ortib borayotganini tasdiqlovchi chinakam tarixiy voqea bo‘lganini uqtirdi. Sadir Japarov Markaziy Osiyoning chinakam hamjihatligi muhiti sezilayotgan qardosh O‘zbekistonga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelishini alohida qayd etdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligi ostida taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lidan dadil borayotganini qayd etdi. Ulkan xalqaro nufuz, samarali iqtisodiy islohotlar, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi keng ko‘lamli loyihalar O‘zbekistonni mintaqada yetakchi o‘ringa olib chiqdi. Prezidentning g‘amxo‘rligi tufayli O‘zbekiston jahonning yetakchi sport davlatlari qatorida borayotgani, so‘nggi yozgi Olimpiya o‘yinlari buni yaqqol ko‘rsatgani e’tirof etildi.
Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni nafaqat donishmand davlat arbobi, balki O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlarini rivojlantirish ishiga katta hissa qo‘shgan inson ekanini ham alohida ta’kidladi. Ozarboyjonda davlatimiz rahbarini aniq ishlari, bu millatga bo‘lgan yaxshi munosabati tufayli cheksiz hurmat qilishini bildirdi.
“Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasining mustahkamlanishi
Toshkentda o‘tkazilgan yettinchi Maslahat uchrashuvini mintaqa tarixida yangi siyosiy o‘zan tomon tashlangan muhim qadam sifatida e’tirof etsak maqsadga muvofiqdir. Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilgani, yirik strategik loyihalarning ilgari surilgani, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlari taklif etilgani – bularning barchasi “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasining nazariy g‘oyadan amaliy siyosat darajasiga ko‘tarilayotganidan dalolatdir.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo o‘z manfaatlari va umumiy kelajagini o‘zi belgilaydigan mintaqa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Bizning kuchimiz – birlikda, yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda”, degan fikri butun formatning ma’naviy-siyosiy shioriga aylandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zero, Markaziy Osiyo – bu faqat iqtisodiy salohiyatning oshishi yoki logistik yo‘laklarning kengayishi emas. Bu – umumiy qadriyatlar, mushtarak tarix va kelajak oldidagi umumiy mas’uliyatning ifodasidir. Qat’iy siyosiy iroda bilan ko‘rilayotgan amaliy hamkorlik Markaziy Osiyoni global siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda yanada jozibali va kuchli mintaqaga aylantirishi tabiiy.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 241-sonidan
Qahramon Quronboev,
siyosiy fanlar doktori, professor
