O‘zbekiston-Qozog‘iston yoshlari kongressi
2025-11-10 23:00:00 / Yangiliklar

2025-yilning 9-11 noyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston yoshlari kongressi o‘tkazildi. Ushbu an’anaviy tadbir, ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, nafaqat iqtisodiy sohalarda, balki yoshlar siyosatida ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Kongressda, yoshlar bilan ishlash, kreativ iqtisodiyot, ekologiya, volontyorlik va boshqa dolzarb mavzularda ekspertlar o‘z tajribalari va loyihalarini taqdim etdilar. Tadbirning asosiy maqsadi, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida muloqot o‘rnatish va umumiy loyihalar asosida hamkorlikni yanada kengaytirish edi.
Yoshlar infratuzilmasi, kreativ sohalar va ekologiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar o‘rtasidagi bog‘liqlik ham alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar Toshkent shahridagi yoshlar infratuzilmalari, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, hamda mamlakatimizdagi tarixiy yodgorliklar bilan tanishdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati va Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi delegatsiyasi rahbari ishtirok etib, tadbirni ochdilar. Ular o‘z nutqlarida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash borasida qo‘shilgan sa’y-harakatlarni alohida ta’kidlab o‘tdilar. Xususan, yoshlarning kreativ industriyalar, IT sohalari va iqlim o‘zgarishi kabi muhim yo‘nalishlarda amalga oshirgan ishlari va ularning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Kongressda ekologiya va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar “Taza Kazakhstan” kabi yirik ekologik tashabbuslar, Orol dengizini saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Green University) faoliyati kabi muhim tashabbuslar haqida muhokama qilishdi. Bu loyihalar ikki mamlakat yoshlarining ijtimoiy va ekologik masalalarda faolligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Kongressda kreativ iqtisodiyot, raqamlashtirish va kreativ sanoat sohalaridagi imkoniyatlar ham muhokama qilindi. Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ikki davlat o‘rtasida yoshlar siyosati sohasida yanada samarali hamkorlik o‘rnatish zarurligini ta’kidlab, yoshlarni yangi loyihalarda birlashtirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va kreativ iqtisodiyotda yoshlar salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir yakunida ikki mamlakatning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘llari belgilandi. Yoshlar ishlari agentligi va Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, kelajakda yoshlar uchun qo‘shma loyihalar va yangi imkoniyatlar yaratishda muhim o‘rin tutadi.



















