Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Koreya bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-10-14 15:30:00 / Yangiliklar

O‘zenergoinspeksiya va Koreya Iqlim o‘zgarishi instituti (KICC) vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda energetika sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish, energiya samaradorligini baholash hamda xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Energiya sohasi ekspertlarini tayyorlash o‘quv markazi (EETC) faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Alohida e’tibor energiya tejamkorligi natijalarini o‘lchash va verifikatsiya qilish (M&V) usullariga qaratildi. Energiya tejash tadbirlarining amaliy samarasini aniqlash, samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash hamda ushbu jarayonlarda tegishli ISO xalqaro standartlaridan foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda o‘quv-uslubiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish va energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
