Gaz quvurlari yaxlitligini baholashda xalqaro tajriba o‘rganilmoqda
2026-09-30 10:50:00 / Yangiliklar
#Xalqaro_hamkorlik

O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i Axadxon Isoqjonov hamda ROSEN Group bosh direktori Andreas Opfermann boshchiligidagi kompaniya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda gaz transporti infratuzilmasining texnik holatini zamonaviy texnologiyalar asosida diagnostika qilish, quvurlar yaxlitligini baholash va mavjud xavflarni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ROSEN Group kompaniyasining gaz transporti infratuzilmasini diagnostika qilish borasidagi xalqaro tajribasi taqdim etildi.
Mutaxassislar tomonidan korroziya va boshqa nuqsonlarni aniqlash, quvurlarning texnik holatini kompleks baholash, shuningdek, texnologik yo‘qotishlar va noqonuniy ulanishlarni aniqlash imkonini beruvchi zamonaviy yechimlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi faoliyati yo‘nalishlarini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish va xalqaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar gaz transporti tarmoqlarining texnik holatini kompleks diagnostika qilish, zamonaviy xalqaro tajribani o‘rganish hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini batafsil ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdilar.
