Kasbiy mahorat va amaliy tajriba uyg‘unlashgan seminar
2026-09-05 12:15:00 / Yangiliklar
O‘zenergoinspeksiya xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, elektr energetikasi sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish hamda nazorat tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida Namangan viloyatida "To‘raqo‘rg‘on" issiqlik elektr stansiyasida o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda Inspeksiyaning Namangan hududiy boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida elektr energetikasi obyektlarida texnik ekspluatatsiya va xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va undan samarali foydalanish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, shuningdek, nazorat tadbirlarini zamonaviy usullar asosida olib borish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga "To‘raqo‘rg‘on" issiqlik elektr stansiyasining ishlab chiqarish jarayonlari, asosiy energetik qurilmalarining ishlash prinsiplari hamda stansiyada energiya samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan amaliy ma’lumotlar berildi.
Seminar doirasida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish maqsadida stansiyaning asosiy ishlab chiqarish obyektlari ko‘zdan kechirilib, mutaxassislar tomonidan texnologik jarayonlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar hamda sohada uchrayotgan amaliy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Bunday o‘quv seminarlari O‘zenergoinspeksiya xodimlarining malakasini muntazam oshirish, nazorat faoliyatining samaradorligini ta’minlash va elektr energetikasi obyektlarida xavfsizlik hamda ishonchlilikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
