Verifikatsiya yo‘nalishida xalqaro hamkorlik kengaytirilmoqda
2026-09-04 12:50:00 / Yangiliklar

O‘zenergoinspeksiyada Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda “Elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish dasturi” doirasida Inspeksiya tomonidan verifikator funksiyasini amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur dastur natijalarga asoslangan moliyalashtirish mexanizmi asosida amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan tomonlar verifikatsiya ishlariga tayyorgarlik ko‘rish, tegishli metodologiyani ishlab chiqish hamda jarayonlarni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, loyiha doirasida Inspeksiya xodimlarining verifikatsiya yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan texnik ko‘mak tadbirlarini tashkil etish rejalashtirildi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
