O‘zenergoinspeksiya xodimlari xorijda malaka oshirmoqda
2026-07-03 18:00:00 / Yangiliklar

O‘zenergoinspeksiya va bir qator tizim korxonalari xodimlari Xitoyning Kerui kompaniyasida kompozit mahsulotlar ishlab chiqarishning toʻliq texnologik jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, zamonaviy avtomatlashtirilgan sexlar, ilgʻor texnologik uskunalar koʻzdan kechirilib, ishlab chiqarilayotgan materiallarning fizik-kimyoviy xususiyatlari oʻrganildi.
Oʻzbekistonda pilot loyiha asosida joriy etilishi rejalashtirilgan yuqori mustahkamlikka ega kompozit quvurlar kompleks gidravlik sinovdan oʻtkazildi. Mutaxassislar tomonidan quvurning uzilish chidamliligi kritik bosim ostida sinovdan oʻtkazildi va quvur 18,9 MPa bosimga bardosh berdi. Bu koʻrsatkich kompozit quvurlarning xavfsizlik, mustahkamlik va uzoq muddatli foydalanish boʻyicha xalqaro standartlarga toʻliq javob berishini tasdiqlaydi.
Mazkur sinov natijalari kompozit materiallarning respublika gaz taqsimlash tarmoqlarida, jumladan murakkab geologik va iqlim sharoitlarida ham samarali qoʻllanish imkoniyatlari yuqori ekanini koʻrsatdi.



