Oʻzenergoinspeksiya va Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi
2026-07-02 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i D. Isaqulov boshchiligida Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv “Energy Value Network Forum” xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan amaliy muloqotlarning davomi sifatida o‘tkazildi.
Uchrashuvda Koreyaning energetika va innovatsion texnologiyalar sohasidagi yetakchi tashkilot hamda kompaniyalari, jumladan, KOWEPO, KOICA, KICC, APTN, Nuri Flex, DXG, SN, HPS va GoodByeCar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida KICC bosh direktori Shin Yong Won O‘zbekiston bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari, mutaxassislarni tayyorlash va sertifikatlash dasturlari yuzasidan ma’lumot berdi.
APTN direktori Kim Yong issiqlik nasoslari hamda “Smart City” yechimlarini, Nuri Flex bosh direktori Han Jeonghoon energiya iste’molini monitoring qilish, smart metering hamda raqamli energiya boshqaruvi tizimlarining imkoniyatlarini taqdim etdi.
Shuningdek, DXG bo‘lim menejeri Ham Hyong Seok atmosfera havosi monitoringi bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni, SN bosh direktori Lim Chae Woong sun’iy intellekt asosidagi elektr dvigatellari va generatorlar yechimlarini, HPS bo‘lim boshlig‘i Park Yong Ha chiqindilarni energiyaga aylantirish (Waste-to-Energy) texnologiyalarini taqdim etdi.
GoodByeCar bosh direktori Nam Junhee esa elektromobillarning foydalanilgan akkumulyator batareyalaridan "ikkinchi hayot" tamoyili asosida energiya saqlash tizimlari (ESS) va boshqa maqsadlarda samarali foydalanish bo‘yicha innovatsion yechimlarni taqdim etdi.
Shuningdek, KOWEPO direktori Wang Min Seok kompaniyaning energetika sohasidagi faoliyati hamda O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Inspeksiya boshlig‘i D. Isaqulov bugungi kunda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlari jadal sur’atlarda ortib borayotgani, buning natijasida ularni samarali integratsiya qilish hamda energiya tizimini muvozanatlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan aynan ushbu yo‘nalishlarda amaliy va innovatsion yechimlarni taklif etuvchi Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
O‘z navbatida, KOICA direktor o‘rinbosari Siyeon Kim o‘z nutqida uchrashuvda ishtirok etayotgan kompaniyalar Koreya Respublikasining energetika sohasidagi eng ilg‘or va ishonchli kompaniyalari ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmoqlariga integratsiya qilish, tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.



