Xalqaro forum: sun’iy intellekt texnologiyalarini energetika sohasiga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi
2026-07-01 09:20:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan II Korea–Uzbekistan Energy Value Network Forum o‘tkazildi.
Forum Korea International Cooperation Agency (KOICA) va Korea Western Power (KOWEPO) tomonidan tashkil etildi. Forum doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini energetika sohasiga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdim etilgan yechimlar energiya iste’molini tahlil qilish va prognozlash, energiya tizimlarini intellektual boshqarish, energiya auditi jarayonlarini avtomatlashtirish, uskunalarni masofadan monitoring qilish hamda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur forum ishida O‘zenergoinspeksiya xodimlari ham ishtirok etib, energetika sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribalar, zamonaviy texnologik yechimlar hamda sun’iy intellekt asosidagi innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdilar.




