Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining MUROJAATI
2026-06-25 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kuchli tizimni yaratish – murakkab jarayon. Biroq bu tizim barchamiz uchun muhim va zarurdir. Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya etishimiz, balki unga insoniylik burchimiz hamda vijdon amri sifatida qarashimiz kerak.
Biz korrupsiyaga qarshi kurashni o‘zimiz, farzandlarimiz va jamiyatimiz rivoji uchun amalga oshiramiz. Zero, bunday salbiy holatlarga murosasizlik, bunday vaziyatlarga ko‘z yummaslik, halol, ochiq va shaffof ishlash orqali yuksak taraqqiy etgan, qonun ustuvorligi ta’minlangan mamlakatda yashaymiz!
Bugun biz – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanish nazorat qilish inspeksiyasining jamoasi bilan zimmamizga yuklangan mas’uliyatni yaxshi anglaymiz va o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
O‘zenergoinspeksiya korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning har qanday shakl hamda ko‘rinishlarini rad etadi. Biz korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ichki meyoriy hujjatlar va tartib-qoidalarni, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish rejasi, Odob-axloq qoidalari, korrupsiyaga qarshi hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati bo‘yicha, shuningdek, boshqa bir qator meyoriy hujjatlarni qabul qildik. Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi.
Ta’kidlashim joizki, joriy yilda ochiqlik siyosatini ta’minlash maqsadida, O‘zenergoinspeksiya faoliyatni to‘liq raqamlashtirish loyihasi ishlab chiqildi. Xususan, “Raqamli ofis” platformasini joriy qilish orqali faoliyat davomida barcha idoraviy hisobotlar va hujjatlar, ish faoliyatini baholash tizimini elektron shaklda yuritish imkoniyati yaratilmoqda.
Buning natijasida, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ichki ishlar vazirligi va Biznes ombudsman va boshqa shu kabi idoralarni mazkur platformaga integratsiyasini amalga oshirish orqali ular tomonidan Inspeksiya faoliyatini ochiq va shaffof tarzda masofaviy kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, yoqilg‘i-energiya resurslarini nazorat qilishda inson omilidan voz kechilib, “E-dalolatnoma” axborot tizimi ishga tushirildi.
Mazkur tizim, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash davomida korrupsiyaviy holatlarga barham berish maqsadida dalolatnomalarni qog‘oz shaklidan voz kechilib, elektron shaklga o‘tkazildi hamda Bosh Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Elektron hukumat hamda gaz va elektr ta’minoti korxonalari bilan integratsiya qilindi.
O‘tkaziladigan nazorat tadbirlarini ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida o‘rganish va profilaktika tadbirlarida “Bodi kameralar”dan foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zenergoinspeksiyasi faoliyati ochiqligini ta’minlash, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va jamoatchilik nazoratini jadal joriy qilish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab olindi.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga, korrupsiyaga qarshi tamoyillarga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berishga va agar shubha tug‘ilsa, savollar bilan murojaat etishga yana bir bor chorlab qolamiz.
Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarida davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatini qonuniylik, Vatanga sadoqat hamda xizmat vazifasiga fidoyilik, halollik va xolislik, korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya etishi shart ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Keling, barchamiz bu prinsiplarni kundalik ish faoliyatimizning bosh mezoni qilib olaylik!
O‘zenergoinspeksiya jamoasi korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy meyorlarni hisobga olgan holda, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajaradi. Qonun hujjatlariga qat’iy rioya etadi. Teng raqobat tamoyillariga amal qiladi. Halollik, ochiqlik va vijdonlilikning korporativ madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz va maslagimizga aylanmog‘i darkor. Bu ishda barchangizni hamjihatlikka chaqiraman!
Dadajon ISAQULOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i
