Slovakiya Respublikasida ESKO va energiya auditi boʻyicha oʻquv dasturi doirasida tajriba almashish amalga oshirilmoqda
2026-02-05 12:00:00 / Yangiliklar

BMTTD va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi oʻrtasidagi Oʻzaro Anglashuv Memorandumida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida ayni kunlarda Slovakiya Respublikasida energiya xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalar (ESKO) hamda energiya auditi sohasida maxsus oʻquv dasturi tashkil etildi. Ushbu dasturda O‘zenergoinspeksiya vakillari faol ishtirok etmoqda.
Oʻquv dasturi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida Slovakiya Respublikasi energiya xizmatlari bozori ESKO mexanizmlarini amaliyotga joriy etish, Energiya samaradorligi shartnomalari (Energy Performance Contracting – EPC)ni qoʻllash, shuningdek energiya auditorlarining malakasi va faoliyati sifatini taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajribaga ega. Mamlakatda davlat va xususiy ESKO kompaniyalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan meʼyoriy, moliyaviy va texnik chora-tadbirlar kompleks tarzda amalga oshirilib, shaffof va ishonchli energiya auditi tizimi shakllantirilgan.
Mazkur oʻquv dasturining asosiy maqsadi Oʻzbekiston mutaxassislarini Slovakiyaning ilgʻor tajribasi asosida ESKO va “Super ESKO” modellarini ishlab chiqish va boshqarish, moliyaviy mexanizmlarni shakllantirish, energiya auditorlarini tayyorlash va sertifikatlash tizimini joriy etish, shuningdek loyihalar sifatini taʼminlashda oʻlchov va tasdiqlash (Measurement & Verification – M&V) protokollarini qoʻllash masalalari bilan tanishtirishdan iborat.
Dastur doirasida Slovakiyaning yetakchi ESKO kompaniyalari hamda akkreditatsiyadan oʻtgan energiya auditi tashkilotlariga amaliy tashriflar tashkil etildi. Ishtirokchilar energiya auditi hisobotlarini tayyorlash jarayoni, ularning loyihalarni moliyalashtirish bilan bogʻliqligi, shuningdek EPC asosida modernizatsiya qilingan jamoat binolarida amalga oshirilgan energiya samaradorligi chora-tadbirlari bilan bevosita tanishdilar. Shuningdek, M&V tartiblarining amaliyotda qoʻllanilishi namoyish etildi.
