Bishkekda suv va energetika sohasida gender tenglik hamda yoshlar masalalari bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-11-06 17:00:00 / Yangiliklar

Bishkekda suv va energetika sohasida gender tenglik hamda yoshlar masalalari bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi
Bishkek shahrida (Qirg‘iziston) “Suv va energetika sohasida gender tenglik hamda yoshlar: Markaziy Osiyo uchun inklyuziv kelajak sari” mavzusida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Green Central Asia”, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), “GFZ-Helmholtz” geologiya fanlari markazi, Germaniyaning xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengashi (DGAP), Markaziy Osiyo va Afg‘oniston “Ayollar va suv” assotsiatsiyasi (CAAWWA) hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etgan mazkur anjumanning asosiy maqsadi — suv va energetika resurslarini boshqarishda gender tengligi va yoshlar masalalarini inobatga olgan samarali siyosatni rivojlantirish, shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi ham ushbu konferensiyada faol ishtirok etdi. Vazirlik vakili Dilshoda Rustamova o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda ayollar ishtirokini kengaytirish, ish joylarida xavfsiz va inklyuziv muhit yaratish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik orqali barqaror rivojlanishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, O‘zbekistonda gender siyosatini rivojlantirish va ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faol ishtirokiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Yoqilg‘i-energetika tizimida ham ayollar roli tobora ortib, samaradorlik va barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biriga aylanayotgani ta’kidlandi.
