"O'zatom" Agentligi haqida

"O'zatom" Agentligi haqida
2024-yil 24-mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yer qa’ridan foydalanish, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda atom energiyasidan foydalanish sohalarida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-79-son Farmoniga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda – "O‘zatom" agentligi) tashkil etildi.
"O‘zatom" agentligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi "Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-188-son qarori bilan belgilangan bo‘lib, u atom energiyasidan tinch maqsadlarda va atom texnologiyalaridan turli sohalarda xavfsiz va samarali foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni qamrab oladi.
"O‘zatom" agentligining asosiy yo‘nalishlari:
- Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat strategiyalarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
- Sohada faoliyat yuritayotgan barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- Atom energiyasidan foydalanishning yadroviy obyektlarni loyihalashtirish va qurishdan boshlab radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish va joriy etish;
- Obyektlarning jismoniy himoya qilinishini ta’minlash hamda yadroviy materiallar va texnologiyalar tarqalib ketmasligining oldini olish;
- Ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
- Radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik tizimini yaratish va takomillashtirish, shu jumladan radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilish va avariya holatlarida javob qaytarish;
- Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
- Faol xalqaro hamkorlik va xalqaro majburiyatlarni bajarish.
Xususan, "O‘zatom" agentligi yadroviy materiallar, ishlatilgan yadroviy yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar hayotiy siklining barcha bosqichlari ustidan qat’iy nazoratni amalga oshiradi, bosh tashkilotlarni belgilaydi, idoraviy mansub obyektlarda yong‘in xavfsizligi uchun javob beradi, ichki va tashqi avariya rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi.
"O‘zatom" agentligi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi Respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi 709-son qarori asosida faoliyat yuritadi.
"O‘zatom" agentligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek "O‘zatom" agentligi to‘g‘risidagi nizomga amal qiladi.
