“Özatom” agentligi sizlarni Özbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etadi!
2026-10-21 15:00:00 / Yangiliklar

Muhtaram vatandoşlar!
Uşbu şukuhli ayyomda Özbekiston Respublikasi Prezidentining lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga oid qonunini imzolagani alohida, çuqur ramziy ma’no kasb etamoqda. Davlatimiz rahbarining ona tilimiz mavqeini köz qoraçiğidek asraş va mustahkamlaşga qaratilgan uzoqni közlagan siyosati bugun öz vaqtida taşlangan qadam sifatida aniq va amaliy ifodasini topdi. Köp yillik ilmiy bahs-munozaralar nihoyasiga yetib, özbek tili va milliy yozuvimiz tarixida butunlay yangi sahifa oçilmoqda.
Uşbu muhim qadamning aynan 21-oktabr sanasida taşlangani unga özgacha tantanavorlik va ahamiyat bağişlaydi. Avlodlar örtasidagi jonli rişta, ma’naviyat, madaniyat hamda milliy özlikni anglaşning poydevori bölgan tilimiz uluğlanayotgan kunda alifboning takomillaştirilişi— ma’rifatparvar ajdodlarimiz boşlagan ezgu işlarning munosib davomidir. Ularning yuksak savodxonlik hamda qudratli va sof ona kalomi haqidagi orzulari bugungi yangi Özbekistonda amaliy ifodasini topmoqda.
Yangilangan alifbo yozuvimizda töplanib qolgan kamçiliklarni bartaraf etib, uni yanada aniq va qulay qiladi hamda özbek tilining raqamli makonda dadil va jozibador yangraşini ta’minlaydi. E’tiborlisi, bu jarayonda oqilona va ehtiyotkor yöl tanlandi: amaldagi barça rasmiy hujjatlar, milliy valyutamiz va qimmatli qoğozlar öz kuçini töliq saqlab qoladi. Darsliklar, peşlavhalar hamda körsatkiçlar esa zaruratga qarab, bosqiçma-bosqiç yangilanib boradi.
Ona tilimiz har doim sof, dadil va gözal yangrasin!
U jonajon mamlakatimiz ilm-fani, yuksak madaniyati va taraqqiyotining mustahkam tayançi bölib xizmat qilsin. Har bir yangi avlod esa ona tilimizni mukammal biladigan savodli, ğururli hamda ajdodlarning buyuk merosini asrab-avaylaydigan vatanparvar bölib voyaga yetsin.
Özbek tili bayrami kuni muborak bölsin!
