Xavfsizlik mutlaq ustuvor vazifa sifatida: XAEAning atom sohasida avariya holatiga shaylik bo‘yicha seminari boshlandi
2026-10-19 16:40:00 / Yangiliklar

Bugun “O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi ko‘magida tashkil etilgan yadroviy yoki radiologik avariya vaziyatlariga shaylik va javob choralarini ko‘rishni tashkil etish bo‘yicha besh kunlik milliy seminar o‘z ishini boshladi. Unda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, muhofaza, sog‘liqni saqlash hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organlari vakillari, shuningdek, AES qurilishi direksiyasi va “O‘zatom” agentligi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Seminarda XAEA tomonidan jalb etilgan xalqaro ekspertlar sifatida Lyudmila Simeonova (Bolgariya), Anton Sudarchikov (Rossiya Federatsiyasi) hamda Andrey Budo (Belarus Respublikasi) ishtirok etishmoqda.
Seminar mavzusi mavhum emas. U mamlakatimiz boshidan kechirayotgan hozirgi bosqich bilan bevosita bog‘liqdir: Jizzax viloyatida birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilishi allaqachon boshlangan, jamiyatda esa odamlar, hudud va atrof-muhit qay darajada himoyalangani haqida tabiiy savollar tug‘ilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 4-iyun kuni integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energoblokiga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgan edi: “Xavfsizlik biz uchun mutlaq va so‘zsiz ustuvor vazifadir. Stansiya qurilishi, uni foydalanishga tayyorlash eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg‘or muhandislik yechimlari asosida va XAEAning doimiy nazorati ostida amalga oshirilmoqda”. Bugungi seminar ana shu strategik yo‘nalishning amaliy davomidir. Javob choralarini ko‘rishga shaylik “har ehtimolga qarshi emas”, balki stansiya qurilishi hamda ikkinchi va uchinchi AES bo‘yicha rejalar bilan bir vaqtda rivojlanib boradigan yadro infratuzilmasining majburiy tarkibiy qismi sifatida shakllantirilmoqda.
Seminarni ochar ekan, AES qurilishi direksiyasining sanoat xavfsizligi, mehnat va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Aleksandra Xidirnazarova xavfsizlik milliy yadro-energetika dasturini amalga oshirishning barcha bosqichlarida mutlaq ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avariya holatiga shaylik va javob choralarini ko‘rishning samarali hamda uyg‘un tizimini yaratish — qoidalarga yuzaki rioya qilish emas, balki aholi himoyasi, infratuzilma barqarorligi va atrof-muhit muhofazasiga bo‘lgan ishonch asosidir. Aynan shuning uchun O‘zbekiston XAEAning xalqaro me’yor va standartlariga, jumladan, GSR Part 7 talablariga izchil amal qilib kelmoqda.
Ushbu yondashuv seminar mazmunini bevosita belgilab beradi. Besh kun davomida ishtirokchilar asosiy xalqaro talablarni ko‘rib chiqadilar, idoralararo hamkorlik algoritmlarini amalda sinovdan o‘tkazadilar va barcha jalb etilgan tuzilmalar harakatlarini o‘zaro muvofiqlashtiradilar.
Seminar ning birinchi kuni kurs maqsadlari va avariya holatiga shaylik, avariya vaziyatlari turlari, O‘zbekistonda javob choralarini ko‘rish bo‘yicha milliy taqdimot, shuningdek, mamlakatimiz sharoitidan kelib chiqqan holda xavf-xatarlarni baholashga bag‘ishlandi.
Normativ-huquqiy baza rivojlanayotgan biz vaqtda ushbu seminar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2026-yil avgust oyida AESda radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud bo‘lganda yoki raditsiyaviy avariya sodir bo‘lganda obyekt darajasidagi avariya holatini e’lon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam ko‘rsatishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Shuningdek, mamlakatimiz XAEAning asosiy konvensiyalariga qo‘shildi va agentlik bilan INIR missiyalari, kadrlar tayyorlash hamda radiatsiyaviy xavfsizlik yo‘nalishlarida faol hamkorlik qilmoqda. Shu bilan bir qatorda, xalqaro hamkorlik, jumladan, avariya holatiga shaylik va javob choralarini ko‘rish sohasidagi aloqalar ham kengayib bormoqda.
Seminar 23-oktabr kuni EPR milliy tizimini takomillashtirish bo‘yicha xulosalar, tavsiyalar va «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish bilan yakunlanadi.
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni izchil rivojlantirayotgan va bunda xavfsizlikni mutlaq ustuvor vazifa sifatida belgilagan O‘zbekiston uchun bunday tadbirlar bir martalik aksiya emas, balki jamiyat ishonchini mustahkamlash hamda mas’ul organlarning har qanday vaziyatda hamjihatlik bilan harakat qilishga shayligini oshirishga qaratilgan tizimli ishdir.





