“O‘zatom” agentligida Kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini joriy etish uchun modellashtirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha XAEA va “O‘zatom”ning qo‘shma milliy seminari boshlandi
2026-10-12 16:00:00 / Press-relizlar

Joriy yilning 12-oktabr kuni “O‘zatom” agentligida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) va “O‘zatom” agentligi hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma milliy seminar o‘z ishini boshladi. Tadbir kichik modulli reaktorlar (KMR) texnologiyalarini joriy etish uchn modellashtirish vositalaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasining tegishli davlat organlari, ilmiy institutlari, loyiha tashkilotlari va energetika tuzilmalari mutaxassislari, shuningdek, XAEA ekspertlari — KMR texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha texnik rahbar, doktor Hadid Subki hamda yadro energetikasi bo‘yicha bosh ekspert, doktor Vladimir Artisyuk ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli tadbirga shvetsiyalik ekspert ham jalb etilgan.
Seminarning ochilish marosimida doktor Vladimir Artisyuk O‘zbekistonning bu boradagi noyob tajribasini, mamlakatning yuksak salohiyatini hamda yadro energetikasini rivojlantirish yo‘lidagi keng imkoniyatlarini alohida e’tirof etdi.
“O‘zbekiston milliy yadro dasturini shakllantirishda izchil va tizimli yondashuv namoyish etmoqda. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va soha rivojlanishi uchun ko‘mak, mamlakatning ilmiy salohiyati hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga bo‘lgan tayyorligi, kichik modulli reaktorlarni muvaffaqiyatli va xavfsiz joriy etish uchun mustahkam poydevor yaratadi”, — deya ta’kidladi u.
Sermazmun muloqotlarga boy bo‘lgan tadbirning ilk kuni mamlakat rahbariyati tomonidan atom energetikasini rivojlantirish sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga muvofiq, kelgusi amaliy ishlar uchun ishonchli zamin hozirladi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda yadro energetikasini rivojlantirishning muhim jihatlari, KMR loyihalari va texnologiyalari sohasidagi yutuqlar, shuningdek, integrallashgan suv-suvli kichik modulli reaktorlar sharhini atroflicha ko‘rib chiqdilar. XAEA ekspertlari doktor Hadid Subki va doktor Vladimir Artisyuk yoqilg‘i dizayniga zamonaviy yondashuvlar, innovatsion yoqilg‘i sikllari va iqtisodiy prognozlarni taqdim etdilar. Shu bilan birga, kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimiga mo‘ljallangan XAEA simulyatorlari imkoniyatlariga, jumladan, integrallashgan PWR-simulyatorining umumiy tavsifiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Ochiq muloqot va qizg‘in muhokamalar tarzida kechgan bahs-munozaralarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga XAEA ekspertlaridan atroflicha va professional darajada asoslangan javoblarni oldilar. Bu esa modellashtirish vositalarini amaliyotda qo‘llash hamda ularning loyihalar xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashdagi roli haqidagi tasavvurlarni yanada oshirishga xizmat qildi.
Seminar o‘z ishini davom ettirmoqda. Keyingi kunlarda dastur doirasida “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filiali bazasida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Seminarning yakuniy kunida esa «O‘zatom»ning ta’lim dasturlarini XAEA faoliyati bilan uyg‘unlashtirish hamda O‘zbekistonda XAEAning KMR bo‘yicha hamkorlik markazini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Bu kabi nufuzli seminarlarning muntazam o‘tkazilishi mahalliy mutaxassislarning KMRni modellashtirish va ulardan foydalanish sohasidagi malakasini tizimli ravishda oshirishga, xodimlarni tayyorlashning zamonaviy vositalarini tezkorlik bilan o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Eng muhimi — O‘zbekistonda kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini xavfsiz va samaradorlik bilan rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.









